21-modda. Suvdan foydalanish turlari
Suv va suvdan foydalanish toʻgʻrisida (837-XII-son) · Sana: 06.05.1993 · Amalda
Suv obyektidan suv olish usuliga, suvlarning va suv obyektlarining holatiga taʼsir etilishiga qarab suvdan foydalanish suvdan umumiy va maxsus foydalanishga boʻlinadi.
Jismoniy shaxslar tomonidan suvlarning va suv obyektlarining holatiga taʼsir etuvchi maxsus inshootlar va qurilmalarni qoʻllamagan holda oʻz ehtiyojlarini hamda boshqa ehtiyojlarni qondirish maqsadida suvdan foydalanish suvdan umumiy foydalanishdir.
Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan suvlarning va suv obyektlarining holatiga taʼsir etuvchi maxsus inshootlar va qurilmalarni qoʻllagan holda amalga oshiriladigan suvdan foydalanish suvdan maxsus foydalanishdir. Suvdan maxsus foydalanishga ayrim hollarda maxsus inshootlar va qurilmalarni qoʻllamagan holda, ammo suvlarning va suv obyektlarining holatiga taʼsir etadigan suvdan foydalanish ham kiritilishi mumkin.
Suvdan umumiy va maxsus foydalanish turlari roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi tomonidan qonunchilikka muvofiq belgilanadi.
Suv obyektlari tanho yoki birgalikda foydalanishda boʻlishi mumkin.
Qonunchilikda belgilangan tartibda yuridik yoki jismoniy shaxslarga butunlay yoki qisman foydalanishga berilgan suv obyekti tanho foydalaniladigan suv obyektidir.
Tanho foydalanishga berilmagan suv obyekti birgalikda foydalaniladigan suv obyektidir.
Suv obyektlari qonunchilikda belgilangan tartibda suv xoʻjaligi, sanitariya nazorati, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, geologiya va mineral resurslar organlari bilan kelishilgan holda foydalanishga beriladi.
Suv obyektlari suvdan foydalanuvchilarga suv isteʼmolchilarining qishloq xoʻjaligi, ichimlik, davolash va maishiy ehtiyojlarini, aholining kurort, rekreatsiya va oʻzga ehtiyojlarini, sanoat, energetika, transport, baliqchilik xoʻjaligi hamda boshqa davlat yoki jamoat ehtiyojlarini qondirish uchun qonunchilikda nazarda tutilgan talablar va shartlarga rioya qilingan holda foydalanishga beriladi.
Oqova suvlarni oqizish uchun suv obyektlaridan foydalanishga qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda hamda maxsus talablar va shartlarga rioya qilingan taqdirdagina yoʻl qoʻyilishi mumkin.
Suv obyektlari bitta yoki ayni bir vaqtda bir nechta maqsadda foydalanishga berilishi mumkin.
