211-modda. Suv isteʼmoli turlari
Suv va suvdan foydalanish toʻgʻrisida (837-XII-son) · Sana: 06.05.1993 · Amalda
Maqsadli foydalanilishiga koʻra suv isteʼmoli ichimlik, kommunal-maishiy, davolash, kurort, rekreatsiya, baliqchilik xoʻjaligi, sanoat, energetika, qishloq xoʻjaligi suv isteʼmoliga va boshqa turlarga boʻlinadi. Suv obyektidan olinadigan suvning miqdoriga qarab suv isteʼmoli umumiy va maxsus suv isteʼmoliga boʻlinadi.
Jismoniy shaxslar tomonidan suvlarning va suv obyektlarining holatiga taʼsir etuvchi maxsus inshootlar va qurilmalarni qoʻllamagan holda oʻz shaxsiy ichimlik, maishiy, rekreatsiya, davolash ehtiyojlari, hayvonlarni sugʻorish va boshqa ehtiyojlarni qondirish maqsadidagi suv isteʼmoli umumiy suv isteʼmolidir.
Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan suvlarning va suv obyektlarining holatiga taʼsir etuvchi maxsus inshootlar va qurilmalarni qoʻllagan holda amalga oshiriladigan suv isteʼmoli maxsus suv isteʼmolidir. Maxsus suv isteʼmoliga ayrim hollarda maxsus inshootlar va qurilmalarni qoʻllamagan holda, ammo suvlarning va suv obyektlarining holatiga taʼsir etadigan suv isteʼmoli ham kiritilishi mumkin.
Suv resurslari qonunchilikda nazarda tutilgan talablar va shartlarga rioya qilingan holda isteʼmol uchun beriladi.
