27-modda. Oʻrmondan qoʻshimcha tarzda foydalanish
Oʻrmon toʻgʻrisida (770-I-son) · Sana: 15.04.1999 · Kuchini yo'qotgan
Davlat oʻrmon fondi uchastkalari yuridik va jismoniy shaxslarga oʻrmondan qoʻshimcha tarzda foydalanishga berib qoʻyilishi mumkin.
Davlat oʻrmon fondi uchastkalarida pichan oʻrish va mol boqish yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan shu maqsadlar uchun maxsus moʻljallangan maydonlarda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Oʻrmonlarning daryolar, koʻllar, suv omborlari va boshqa suv obyektlari sohillari boʻylab oʻtgan taqiqlangan mintaqalarida, eroziyadan saqlaydigan oʻrmonlarda, suv taʼminoti manbalarini sanitariya jihatidan muhofaza qilish zonalaridagi oʻrmonlarda, alohida qimmatga ega boʻlgan oʻrmonlarda, yongʻoqchilik zonalaridagi oʻrmonlarda, davlat qoʻriqxonalarining oʻrmonlarida, shuningdek belgilangan rejimga muvofiq tabiat bogʻlarining, buyurtma qoʻriqxonalarning, kurort tabiiy hududlarning, davlat biosfera rezervatlarining oʻrmonlarida mol boqishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Yuridik va jismoniy shaxslarga asalari uyalari va qutilarini joylashtirish uchun davlat oʻrmon fondi uchastkalari Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi oʻrmon xoʻjaligi bosh boshqarmasining ruxsatnomasi asosida belgilangan tartibda beriladi.
Yovvoyi oʻsimliklar dorivor xomashyosini tayyorlash (yigʻish) va oziq-ovqat maqsadlari uchun yovvoyi oʻsimliklarni tayyorlash (yigʻish) mavjud resurslarning tamom boʻlib qolishiga va oʻrmon xoʻjaligiga zarar yetkazilishiga yoʻl qoʻyilmaydigan vositalar va usullar bilan amalga oshiriladi.
