26-modda. Daraxtzorlar va butazorlarni kesish
Oʻrmon toʻgʻrisida (770-I-son) · Sana: 15.04.1999 · Kuchini yo'qotgan
Ishlab chiqarish-texnik zaruratdan kelib chiqmagan binolarni, inshootlarni va kommunikatsiyalarni qurish paytida daraxtzorlar va butazorlarni kesish man etiladi.
Daraxtzorlar va butazorlarni kesish faqat qonun hujjatlarida belgilangan tartibda oʻrmonlarni albatta qayta tiklash tarzida yoʻl qoʻyiladi.
Daraxtzorlar va butazorlarni kesish oʻrmonlarning qoʻriqlanish toifalariga qarab, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan oʻrmonlarni kesish qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
Oʻrmonlarning temir yoʻllar va avtomobil yoʻllari yoqalab oʻtgan ihota mintaqalarida, choʻl va chala choʻl zonalarining oʻrmonlarida asosiy foydalanishdagi daraxtlarni oʻrmon holatini yaxshilash maqsadida kesishga yoʻl qoʻyiladi.
Oʻrmonlarning daryolar, koʻllar, suv omborlari va boshqa suv obyektlari sohillari boʻylab oʻtgan taqiqlangan mintaqalarida, oʻrmonlarning ovlanadigan qimmatli baliqlar uvildiriq sochadigan joylarni muhofaza qiluvchi taqiqlangan mintaqalarida, eroziyadan saqlaydigan oʻrmonlarda, shahar oʻrmonlari va oʻrmon-bogʻlarida, shaharlar, boshqa aholi punktlari va sanoat markazlarining koʻkalamzorlashtirilgan zonalari atrofidagi oʻrmonlarda, suv taʼminoti manbalarini sanitariya jihatidan muhofaza qilish zonalaridagi oʻrmonlarda, alohida qimmatga ega boʻlgan oʻrmonlarda, yongʻoqchilik zonalaridagi oʻrmonlarda, oʻrmonlarning mevali daraxtzorlarida, tabiat bogʻlarining oʻrmonlarida (ularning qoʻriqxonaga aylantirilgan zonalari bundan mustasno), kurort tabiiy hududlarning oʻrmonlarida, davlat biosfera rezervatlarining oʻrmonlarida (ularning qoʻriqxonaga aylantirilgan zonalari bundan mustasno), ilmiy yoki tarixiy ahamiyatga ega boʻlgan oʻrmonlarda faqat oraliq foydalanishdagi kesishga (oʻrmon parvarishi va sanitariya maqsadida kesishga) yoʻl qoʻyiladi.
Hamma qoʻriqlanish toifalaridagi oʻrmonlarda yongʻinga qarshi oraliq joy hosil qilish bilan bogʻliq boshqa kesishlarga yoʻl qoʻyilishi mumkin, davlat qoʻriqxonalarining oʻrmonlari bundan mustasno.
Asosiy foydalanish boʻyicha kesish miqdorlari oʻrmon kesish uchastkalari rejasi doirasida, oraliq foydalanishdagi kesish esa oʻrmon xoʻjaligi talablariga muvofiq amalga oshiriladi. Oʻrmon kesish rejasi Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi oʻrmon xoʻjaligi bosh boshqarmasi tomonidan tasdiqlanadi.
