6-modda. Tadbirkorlik faoliyati subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish
Tadbirkorlik va tadbirkorlar faoliyatining kafolatlari toʻgʻrisida (754-I-son) · Sana: 14.04.1999 · Amalda
Tadbirkorlik faoliyati subyektlari davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim.
Tadbirkorlik faoliyati subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va muddatlarda amalga oshiriladi. Yakka tartibdagi tadbirkorni davlat roʻyxatidan oʻtkazish xususiyatlari ushbu Qonunning 17 va 18-moddalarida nazarda tutilgan.
Davlat roʻyxatidan oʻtkazish maʼlumotlari hamma tanishishi uchun ochiq boʻlgan yagona davlat reyestriga kiritiladi.
Tadbirkorlik faoliyati subyektini tashkil etishning qonunda belgilangan tartibi buzilishi yoki taʼsis hujjatlarining konunga nomuvofiq boʻlishi davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad etishga sabab boʻladi.
Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organlar tadbirkorlik faoliyati subyektlarini tashkil etish maqsadga muvofiq emas, degan vaj bilan ularni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad etishga yoki qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan qoʻshimcha talablarni belgilashga haqli emas.
Tadbirkorlik faoliyati subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad etganlik, shuningdek roʻyxatdan oʻtkazish muddatlarini buzganlik ustidan sudga shikoyat qilish mumkin.
Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ mansabdor shaxslarining harakatlari (qarorlari) sud tomonidan konunga xilof deb topilgan taqdirda, ular roʻyxatdan oʻtkazishni rad etish yoki roʻyxatdan oʻtkazish muddatini buzish tufayli tadbirkorlik faoliyati subyektlariga yetkazilgan zararni toʻlaydilar, shuningdek maʼnaviy zararni qoplaydilar.
Tadbirkorlik faoliyati subyekti — yuridik shaxs davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan boshlab tashkil etilgan hisoblanadi.
Tadbirkorlik faoliyati subyekti — yakka tartibdagi tadbirkor davlat roʻyxatidan oʻtkazilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomani olgan paytdan boshlab oʻz faoliyatini amalga oshiradi.
