31314-modda. Daxlsizlikka ega boʻlgan shaxslarga nisbatan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni yuritishni taʼminlash choralarini qoʻllash tartibi
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-1182-son) · Sana: 14.10.2026 · Amalda
Daxlsizlikka ega boʻlgan shaxslarni maʼmuriy yoʻl bilan ushlab turish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
1) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatini va Senati aʼzosini — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tegishli palatasining roziligi bilan;
2) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakilini (ombudsmanni), Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakilini (Bolalar ombudsmanini) — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining roziligi bilan;
3) Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining aʼzosini — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining roziligi bilan;
4) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining boshqaruv xodimlarini, shu jumladan ular Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasidan ishdan boʻshatilganidan keyin besh yil davomida — ularning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasida oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish va vakolatlarini amalga oshirish bilan bogʻliq boʻlmagan harakati yoki harakatsizligi uchun — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yozma roziligi bilan;
5) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakilni — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yozma roziligi bilan;
6) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi deputatini, xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar, tuman (shahar) Kengashining deputatini — tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar, tuman (shahar) Kengashining roziligi bilan;
7) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodni (nomzodlik maqomiga ega boʻlgan davrda) — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining roziligi bilan.
Sudya huquqbuzarlik sodir etganlikda gumon qilinib ushlab turilgan taqdirda, bu haqda ushlab turish uchun asos boʻlgan hujjatlarning koʻchirma nusxalari ilova qilingan holda Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashiga u ushlangan paytdan eʼtiboran uch soatdan kechiktirmasdan xabar qilinishi shart.
