12-modda. Lizing oluvchining huquq va majburiyatlari
Lizing toʻgʻrisida (756-I-son) · Sana: 14.04.1999 · Amalda
Lizing oluvchi quyidagi huquqlarga ega:
lizing obyektini mustaqil aniqlash va sotuvchini tanlash;
lizing beruvchidan lizing shartnomasini bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik tufayli yetkazilgan zarar qoplanishini talab qilish;
sotuvchiga lizing obyekti oldi-sotdi shartnomasidan kelib chiquvchi talablarni, jumladan uning sifati va butligi, topshirish muddati, kafolatli taʼmirlashi va hokazolar xususida talablar qoʻyish;
lizing obyekti yetkazib berilmagan, toʻliq yetkazib berilmagan, yetkazib berish muddati oʻtkazib yuborilgan yoki sifati talab darajasida boʻlmagan lizing obyekti yetkazib berilgan taqdirda, agar shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, lizing toʻlovlari toʻlashni kechiktirish, yetkazib beriladigan lizing obyektidan voz kechish va lizing shartnomasining bekor qilinishini talab etish;
lizing shartnomasi muddatidan oldin bekor qilingan taqdirda, oʻzi ilgari avans sifatida toʻlagan toʻlovlarni lizing obyektidan foydalanishdan olingan foydaning qiymatini chegirib tashlagan holda, qaytarib berishni talab qilish.
Uchinchi shaxs undiruvni lizing obyektiga qaratganda lizing oluvchi lizing shartnomasini bekor qilish va lizing obyektini mulk qilib olish bilan bir paytda lizing shartnomasi boʻyicha tegishli lizing toʻlovlari qoldigʻini lizing beruvchining qolgan davrda oladigan daromadini chegirib tashlagan holda bir yoʻla toʻlashga haqli.
Lizing oluvchi:
lizing obyektini qabul qilib olishi va undan lozim darajada foydalanishi, uni shartnoma shartlariga muvofiq saqlab turishi;
lizing toʻlovlarini oʻz vaqtida toʻlab turishi, agar lizing shartnomasida boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, lizing obyektini oʻz hisobidan joriy taʼmirlashi, uni saqlab turishga doir boshqa xarajatlar qilishi shart.
Lizing shartnomasi bekor qilinganda lizing oluvchi lizing obyektini lizing beruvchidan qanday holatda olgan boʻlsa, shunday holatda, normal eskirish va taraflarning kelishuvida shartlashilgan oʻzgarishlarni hisobga olgan holda qaytarishi shart, ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Lizing oluvchining lizing obyektini taʼmirlash va unga texnik xizmat koʻrsatishga doir huquqi va majburiyati sotuvchi bilan alohida tuzilgan shartnomada belgilanishi mumkin.
Lizing oluvchi qonunchilikda belgilangan boshqa huquqlarga ega boʻlishi va oʻzga majburiyatlarni bajarishi mumkin.
