11-modda. Lizing beruvchining huquq va majburiyatlari
Lizing toʻgʻrisida (756-I-son) · Sana: 14.04.1999 · Amalda
Lizing beruvchi quyidagi huquqlarga egadir:
lizing oluvchining lizing obyektidan qanday sharoitlarda foydalanayotganligini va uni belgilangan maqsadiga muvofiq ishlatayotganligini lizing shartnomasi shartlariga hamda qonunchilik talablariga muvofiq nazorat qilish;
lizing oluvchining roziligi bilan lizing obyekti va uning sotuvchisini tanlash;
qonunchilikda yoki lizing shartnomasida nazarda tutilgan hollarda va tartibda lizing oluvchidan lizing obyektini talab qilib olish;
lizing oluvchi tomonidan oʻz majburiyatlarining jiddiy ravishda buzilishiga yoʻl qoʻyilgan taqdirda, agar lizing shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, kelgusi lizing toʻlovlarini toʻlashni tezlashtirishni yoki garov narsasini undirish uchun nazarda tutilgan tartibda undiruvni lizing obyektiga qaratgan va zararni undirgan holda shartnomani bekor qilishni talab etish.
Agar lizing obyekti lizing beruvchining aybi bilan yetkazib berilmagan boʻlsa yoki lizing shartnomasi shartlariga nomuvofiq boʻlsa, lizing beruvchi lizing oluvchining roziligi bilan oʻzi lozim darajada bajarmagan lizing shartnomasi shartlarini tuzatib bajarishga yoki lizing oluvchiga boshqa lizing obyektini taklif etishga haqli.
Lizing beruvchi:
lizing shartnomasi boʻyicha mol-mulkni olishi va uni lizing oluvchiga egalik qilish hamda foydalanish uchun berishi;
lizing oluvchi uchun mol-mulk olayotganda mol-mulk muayyan shaxsga lizingga berishga moʻljallanganligini sotuvchiga maʼlum qilishi;
lizing obyektini, agar shartnomada shunday shartlar nazarda tutilgan boʻlsa, saqlab turish, taʼmirlash va unga texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha lizing oluvchi oldida oʻz zimmasiga olingan majburiyatlarni oʻz vaqtida va toʻliq hajmda bajarishi shart.
Lizing beruvchi qonun hujjatlarida belgilangan boshqa huquqlarga ega boʻlishi va oʻzga mujburiyatlarni bajarishi mumkin.
