“81-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining vasiylik va homiylik sohasidagi vakolatlari
Bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-1174-son) · Sana: 11.09.2026 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi oʻz vakolatlari doirasida:
vasiylik va homiylik sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etadi;
vasiylik va homiylik sohasidagi davlat dasturlarini ishlab chiqadi hamda ularni amalga oshirishda ishtirok etadi;
bolalarni oilada tarbiyalash shaklining ustuvorligini taʼminlaydi;
vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini taʼminlaydi;
vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan bolalarga munosib turmush va taʼminot sharoitlarini taʼminlaydi;
oila va bolalarni qoʻllab-quvvatlash muassasalari tarmoqlarini, xizmatlarini, vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan shaxslarga hamda ularning oilalariga maslahat yordami, huquqiy, ijtimoiy, psixologik yordam va xizmatlar koʻrsatish markazlarini rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar koʻradi;
axborot tizimini yuritadi;
ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni va ularning oilalarini qoʻllab-quvvatlash masalalarini hal etadi;
yetim bolalarga va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga gʻamxoʻrlik qilayotgan shaxslarni ragʻbatlantirish mexanizmlarini yaratadi hamda takomillashtiradi;
muqobil joylashtirish shakllariga berilgan bolalarning turmush sharoitlarini va ularning tarbiyalanishini monitoring qiladi;
vasiylik va homiylik sohasida xalqaro hamkorlikni belgilangan tartibda amalga oshiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin”;
4) 9-modda:
nomidagi “Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining hamda” degan soʻzlar chiqarib tashlansin;
birinchi qismining:
birinchi xatboshisidagi “Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda” degan soʻzlar chiqarib tashlansin;
