“39-bob. Elektron shaklda xizmatlar koʻrsatuvchi yoki elektron savdo platformalari orqali tovarlarni realizatsiya qiluvchi chet el yuridik shaxslariga soliq solishning oʻziga xos xususiyatlari”;
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga elektron tijorat sohasini takomillashtirishga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-1173-son) · Sana: 10.09.2026 · Amalda
4) 278-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Realizatsiya qilish joyi Oʻzbekiston Respublikasi boʻlgan elektron shakldagi xizmatlarni koʻrsatuvchi yoki elektron savdo platformalari orqali tovarlarni realizatsiya qiluvchi chet el yuridik shaxslari jismoniy shaxslarga bunday xizmatlarni koʻrsatishga va tovarlarni realizatsiya qilishga oid qism boʻyicha soliq toʻlovchilar deb eʼtirof etiladi.
Elektron savdo platformalari orqali jismoniy shaxslarga tovarlar realizatsiya qilinganda, xaridorning yashash joyi va tovarlarni yetkazib berish joyi Oʻzbekiston Respublikasi boʻlsa, tovarlarni realizatsiya qilish joyi Oʻzbekiston Respublikasi deb eʼtirof etiladi.
Agar chet el yuridik shaxslari jismoniy shaxslarga ushbu Kodeksning 282-moddasida belgilangan xizmatlarni elektron shaklda koʻrsatsa yoki elektron savdo platformalari orqali tovarlarni realizatsiya qilsa hamda ularni realizatsiya qilish joyi Oʻzbekiston Respublikasi boʻlsa, bunday xizmatlarni koʻrsatuvchi va (yoki) tovarlarni realizatsiya qiluvchi chet el yuridik shaxslari bilan topshiriq, vositachilik, agentlik shartnomalari yoki boshqa shunga oʻxshash shartnomalar asosida bevosita jismoniy shaxslar bilan hisob-kitoblarda ishtirok etadigan vositachilar boʻlgan chet el yuridik shaxslari yoki Oʻzbekiston Respublikasining yuridik shaxslari bunday xizmatlarni realizatsiya qilishga doir operatsiyalarga nisbatan soliq agentlari deb eʼtirof etiladi.
Agar bunday xizmatlar va (yoki) tovarlar vositachilar boʻlgan bir nechta yuridik shaxsning hisob-kitoblarida izchil ketma-ketlikda ishtirok etgan holda koʻrsatilsa va (yoki) realizatsiya qilinsa, bevosita jismoniy shaxslar hamda xizmatlar koʻrsatuvchi va (yoki) tovarlarni realizatsiya qiluvchi chet el yuridik shaxslari bilan hisob-kitoblarda ishtirok etayotgan vositachi boʻlgan chet el yuridik shaxslari yoki Oʻzbekiston Respublikasining yuridik shaxslari, ularda ushbu xizmatlarni koʻrsatuvchi va (yoki) tovarlarni realizatsiya qiluvchi chet el yuridik shaxsi bilan shartnoma mavjudligidan qatʼi nazar, soliq agentlari deb eʼtirof etiladi.
