483-modda. Masʼuliyatli biznes yuritish
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlarini mustahkamlashga hamda tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-1168-son) · Sana: 17.08.2026 · Amalda
Qonunchilikka rioya etish bilan bir qatorda barqaror rivojlanishga hissa qoʻshgan hamda oʻz faoliyatining inson huquqlariga, atrof-muhitga va jamoat manfaatlariga nisbatan salbiy taʼsirining oldini olish, bunday taʼsirni kamaytirish, zarur hollarda uni bartaraf etish uchun choralar koʻrgan holda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish masʼuliyatli biznes yuritish deb eʼtirof etiladi.
Tadbirkorlik subyekti tomonidan masʼuliyatli biznes yuritishning asosiy mezonlari quyidagilardan iborat:
inson huquqlariga rioya etish;
mehnatga va ishlab chiqarishga oid munosabatlar sohasida har qanday qonunga xilof amaliyotga yoʻl qoʻymaslik;
atrof-muhitni, oʻz xodimlarining va aholining sogʻligʻini muhofaza qilish, atrof-muhitga salbiy taʼsir koʻrsatilishining oldini olish hamda uni bartaraf etish;
korrupsiyaga qarshi samarali choralarni joriy etish hamda korrupsiya holatlariga yoʻl qoʻymaslik;
faoliyatni insofli biznes, marketing va reklama qoidalariga muvofiq tashkil etish, shuningdek oʻzi taqdim etayotgan tovarlar va xizmatlarning sifatini hamda ishonchliligini taʼminlash boʻyicha choralar koʻrish;
oʻz faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni oshkor etishda shaffoflikni va hisobdorlikni taʼminlash;
mahalliy va milliy innovasion salohiyatni rivojlantirishga hissa qoʻshish;
raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilikka va axloqiy boshqaruv prinsiplariga rioya etish;
soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etish.
Masʼuliyatli biznes yurituvchi tadbirkorlik subyektlari qonunchilikda belgilangan tartibda grantlar, soliq imtiyozlari, davlat xaridlarida ustuvorlik berish hamda boshqa choralar orqali davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanadi.
Masʼuliyatli biznes yurituvchi tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash choralari qonunchilikda belgilanadi.
Qonunchilikda belgilangan vakolatli organ tomonidan Masʼuliyatli biznes yurituvchi tadbirkorlik subyektlarining reyestri yuritiladi. Masʼuliyatli biznes yurituvchi tadbirkorlik subyektlarining reyestri hamma tanishib chiqishi uchun ochiq hisoblanadi.
