6-modda. Administratsiyaning asosiy vazifalari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi toʻgʻrisida (O‘RQ-1166-son) · Sana: 14.08.2026 · Amalda
Administratsiyaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining faoliyatini tashkiliy, huquqiy va tahliliy jihatdan taʼminlash;
mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlanishi holatini tahlil qilish, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlarni tashkiliy, huquqiy va tahliliy jihatdan taʼminlash hamda yangi muhim tashabbuslarni ishlab chiqish;
mamlakatda qonuniylikni va huquq-tartibotni, fuqarolarning huquq va erkinliklariga, Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya etilishini taʼminlashga hamda sud-huquq tizimini isloh qilishga koʻmaklashish;
huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar, kuch ishlatishga vakolatli tuzilmalar hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga bevosita boʻysunuvchi (hisobdor) davlat organlari va tashkilotlari, mansabdor shaxslar faoliyatini muvofiqlashtirish;
davlat ichki va tashqi siyosatining asosiy yoʻnalishlari, Oʻzbekiston Respublikasining suverenitetini himoya qilish, uning xavfsizligini va hududiy yaxlitligini taʼminlash boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
aholi va tadbirkorlik subyektlari bilan ochiq va toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotni tashkil etish hamda xalq farovonligini yuksaltirish, jismoniy va yuridik shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga murojaat qilish huquqlari amalga oshirilishi uchun shart-sharoitlar yaratish;
davlat hokimiyati vakillik organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan demokratik huquqiy davlat va ochiq fuqarolik jamiyatini barpo etishda ularning rolini kuchaytirishga qaratilgan samarali hamkorlikni tashkil etish, umummilliy hamjihatlikni mustahkamlash;
yagona davlat kadrlar siyosati amalga oshirilishini va davlat xizmati ishlarining boshqarilishini taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Administratsiya huzuridagi davlat organlari va tashkilotlarining, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining vakolatlarini amalga oshirishga koʻmaklashuvchi maslahat-kengash organlarining faoliyatini tashkil etish hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashining faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan muvofiqlashtirilishini tashkiliy, huquqiy va tahliliy jihatdan taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qonunchilik siyosati sohasidagi vakolatlari amalga oshirilishini tashkil etish va taʼminlash;
