3-modda. Asosiy tushunchalar
Rieltorlik faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-1163-son) · Sana: 07.08.2026 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
koʻchmas mulk boʻyicha agent — ushbu Qonunda belgilangan tartibda rieltorlik faoliyatini amalga oshiruvchi yakka tartibdagi tadbirkor yoki oʻzini oʻzi band qilgan shaxs;
multilisting tizimi — koʻchmas mulk bozoriga va obyektlariga doir mavjud maʼlumotlarni hamda takliflarni toʻplash, saqlash va almashish orqali koʻchmas mulk obyekti boʻyicha bitimlarni amalga oshirish imkonini beradigan elektron axborot tizimi;
rieltor — rieltorlik faoliyati sohasidagi professional jamoat birlashmasi tomonidan berilgan rieltorlarning malaka sertifikatiga ega boʻlgan jismoniy shaxs;
rieltorlarning malaka sertifikati — professional jamoat birlashmasi tomonidan beriladigan, rieltorning malakasini tasdiqlaydigan va rieltorlik tashkiloti tarkibida rieltorlik xizmatlarini koʻrsatish huquqini beradigan hujjat;
Rieltorlarning professional odob-axloq kodeksi — rieltorning rieltorlik faoliyatini amalga oshirishda bajarilishi shart boʻlgan xulq-atvori va kasbiy axloq qoidalari hamda tartibotlari yigʻindisi;
rieltorlik soʻrovi — rieltorlik tashkilotining, koʻchmas mulk boʻyicha agentning davlat organiga yoki boshqa tashkilotlarga buyurtmachi bilan tuzilgan shartnoma boʻyicha tegishli rieltorlik xizmatlarini koʻrsatish uchun zarur axborotni belgilangan tartibda taqdim etishni soʻrab yozma yoxud elektron shaklda, shu jumladan multilisting tizimi orqali yoʻllagan murojaati;
rieltorlik tashkiloti — ushbu Qonunda belgilangan tartibda rieltorlik faoliyatini amalga oshiruvchi hamda rieltorlik faoliyati sohasidagi professional jamoat birlashmalaridan biriga aʼzo boʻlgan tijorat tashkiloti;
rieltorlik faoliyati — shartnoma asosida rieltorlik xizmatlarini koʻrsatadigan hamda Rieltorlar, rieltorlik tashkilotlari, koʻchmas mulk boʻyicha agentlar va rieltorlik faoliyati sohasidagi professional jamoat birlashmalarining yagona reyestriga kiritilgan rieltorlik tashkilotlarining va koʻchmas mulk boʻyicha agentlarning faoliyati;
rieltorlik faoliyati sohasidagi professional jamoat birlashmasi (bundan buyon matnda professional jamoat birlashmasi deb yuritiladi) — oʻz aʼzolarining professional darajasini oshirish va saqlab turishga koʻmaklashish, ularni qoʻllab-quvvatlash, ularning kasbiy manfaatlarini himoya qilish, shu jumladan sudlarda himoya qilish boʻyicha faoliyat yuritadigan, kamida ellik nafar rieltorlik tashkilotining va (yoki) koʻchmas mulk boʻyicha agentning aʼzoligiga asoslangan nodavlat notijorat tashkilotlari;
