20-modda. Koʻchmas mulk boʻyicha agent
Rieltorlik faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-1163-son) · Sana: 07.08.2026 · Amalda
Koʻchmas mulk boʻyicha agent oʻzi haqidagi maʼlumotlar Yagona reyestrga kiritilgan sanadan eʼtiboran rieltorlik faoliyatini amalga oshirishga haqlidir.
Koʻchmas mulk boʻyicha agent, basharti quyidagi majburiy shartlarga rioya etilsa, oʻz faoliyatini amalga oshirishi mumkin:
u Yagona reyestrga kiritilgan boʻlishi hamda unga kiritilayotgan paytda yakka tartibdagi tadbirkor yoki oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtgan boʻlishi kerak;
unda sugʻurtalovchining fuqarolik javobgarligini sugʻurta qilish shartnomasi boʻyicha majburiyatlari kuchga kirganini tasdiqlovchi sugʻurta polisi mavjud boʻlishi kerak.
Koʻchmas mulk boʻyicha agent ushbu modda ikkinchi qismining talablariga muvofiq boʻlmagan taqdirda, u nomuvofiqlik yuzaga kelgan kundan eʼtiboran besh kunlik muddatda vakolatli davlat organini bu haqda yozma yoki elektron shaklda xabardor qiladi va yuzaga kelgan nomuvofiqlikni koʻrsatib oʻtilgan sanadan eʼtiboran ikki oydan koʻp boʻlmagan muddatda bartaraf etishi yoxud rieltorlik faoliyatini tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi shart. Nomuvofiqliklar belgilangan muddatda bartaraf etilmagan taqdirda, belgilangan muddat tugagan sanadan eʼtiboran bir hafta ichida vakolatli davlat organi koʻchmas mulk boʻyicha agentni Yagona reyestrdan chiqaradi va bu haqda uni xabardor qiladi.
Koʻchmas mulk boʻyicha agent bevosita bitimning tarafi boʻla olmaydi, bundan oʻz ehtiyojlari uchun tuziladigan bitim mustasno.
Koʻchmas mulk boʻyicha agent Yagona reyestrdan chiqarilgan taqdirda, uning rieltorlik faoliyatini amalga oshirishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Koʻchmas mulk boʻyicha agent professional jamoat birlashmasiga aʼzo boʻlishi mumkin.
