19-modda. Rieltorlik tashkiloti
Rieltorlik faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-1163-son) · Sana: 07.08.2026 · Amalda
Rieltorlik tashkiloti oʻzi haqidagi maʼlumotlar Yagona reyestrga kiritilgan sanadan eʼtiboran rieltorlik faoliyatini amalga oshirishga haqlidir.
Rieltorlik tashkiloti, basharti quyidagi majburiy shartlarga rioya etilsa, qonunchilikda nazarda tutilgan har qanday tashkiliy-huquqiy shaklda tashkil etilishi va oʻz faoliyatini amalga oshirishi mumkin:
rieltorlik tashkilotining rahbari rieltorlarning malaka sertifikatiga ega boʻlishi kerak;
rieltorlik faoliyatini amalga oshirayotganda rieltorlik tashkiloti shtatida rieltorlarning malaka sertifikatiga ega boʻlgan kamida ikki nafar xodim boʻlishi kerak;
rieltorlik tashkilotiga faqat oʻzi uchun mazkur rieltorlik tashkiloti asosiy ish joyi boʻlgan rieltor rahbar boʻlishi kerak;
rieltorlik tashkilotida sugʻurtalovchining rieltorlik tashkilotining fuqarolik javobgarligini sugʻurta qilish shartnomasi boʻyicha majburiyatlari kuchga kirganligini tasdiqlovchi sugʻurta polisi mavjud boʻlishi kerak.
Rieltorlik tashkiloti ushbu modda ikkinchi qismining talablariga muvofiq boʻlmagan taqdirda, u nomuvofiqlik yuzaga kelgan kundan eʼtiboran besh kunlik muddatda vakolatli davlat organini bu haqda yozma yoki elektron shaklda xabardor qiladi va yuzaga kelgan nomuvofiqlikni koʻrsatib oʻtilgan sanadan eʼtiboran ikki oydan koʻp boʻlmagan muddatda bartaraf etishi yoxud rieltorlik faoliyatini tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi shart. Nomuvofiqliklar belgilangan muddatda bartaraf etilmagan taqdirda, belgilangan muddat tugagan sanadan eʼtiboran bir hafta ichida vakolatli davlat organi rieltorlik tashkilotini Yagona reyestrdan chiqaradi va bu haqda uni xabardor qiladi.
Rieltorlik tashkiloti rieltorlik faoliyatidan boshqa faoliyat turlarini amalga oshirish hamda koʻchmas mulk obyekti boʻyicha bitimning (bundan buyon matnda bitim deb yuritiladi) bevosita tarafi boʻlish huquqiga ega emas, bundan oʻz ehtiyojlari uchun tuziladigan bitim mustasno.
Rieltorlik tashkiloti respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda xoʻjalik boshqaruvi organlari tomonidan tashkil etilishi mumkin emas, bundan qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Rieltorlik tashkilotining filiali tashkil etilganda filial rahbari rieltor boʻlishi kerak.
Rieltorlik tashkiloti Yagona reyestrdan chiqarilgan taqdirda, uning rieltorlik faoliyatini amalga oshirishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
