16-modda. Rieltorlarning malaka sertifikati
Rieltorlik faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-1163-son) · Sana: 07.08.2026 · Amalda
Rieltorlarni oʻqitish (ularning malakasini oshirish) dasturidan oʻtgan va rieltorlarning malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan talabgorga professional jamoat birlashmasi tomonidan matritsali shtrix kodli (QR-kodli) elektron hujjat shaklida rieltorlarning malaka sertifikati beriladi.
Professional jamoat birlashmasining malaka komissiyasi tomonidan rieltorlarning malaka sertifikatini olish yoki uning amal qilish muddatini uzaytirish uchun talabgorlarning bilimlarini tekshirish maqsadida malaka imtihoni oʻtkaziladi.
Rieltorlarning malaka sertifikati dastlabki besh yil muddatga beriladi, uning amal qilishi rieltorlarning malaka imtihonini topshirgan holda, belgilangan tartibda navbatdagi besh yil muddatga uzaytirilishi mumkin.
Talabgorda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan xalqaro tan olingan rieltorlarning malaka sertifikatlari roʻyxatiga muvofiq xalqaro tan olingan rieltorlarning malaka sertifikati mavjud boʻlganda hamda u qonunchilikda belgilangan talablarga rioya etganda unga rieltorlarning malaka sertifikati rieltorlarning malaka imtihoni topshirilmagan holda, dastlabki besh yil muddatga beriladi.
