8-modda. Hududiy kuzatuv kengashlarining vakolatlari
Davlat organining yoki uning mansabdor shaxsining qonunga xilof qarori, harakati yoxud harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash toʻgʻrisida (O‘RQ-1161-son) · Sana: 27.07.2026 · Amalda
Hududiy kuzatuv kengashlari maʼmuriy-hududiy birliklar doirasida:
zararning oʻrnini qoplash uchun mablagʻlar ajratish toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi;
tegishli jamgʻarmaga mablagʻlarning kelib tushishini nazorat qiladi va jamgʻarmalardan foydalanish prognozlarini koʻrib chiqadi, shuningdek keyingi yil uchun mablagʻlardan foydalanish prognozlarini tasdiqlaydi;
zararning oʻrni qoplanishini moliyalashtirish boʻyicha budjet soʻrovini koʻrib chiqadi;
tegishli jamgʻarma daromadlarining barqaror shakllantirilishini, zararning oʻrnini qoplash oʻz vaqtida moliyalashtirilishini taʼminlaydi hamda mablagʻlarning toʻliq hajmda ajratilishi ustidan muntazam monitoring olib boradi;
tegishli jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli va oqilona foydalanilishini belgilangan tartibda nazorat qiladi.
Hududiy kuzatuv kengashlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Hududiy kuzatuv kengashlari tomonidan oʻz vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlar davlat organlari tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.
Hududiy kuzatuv kengashlarining qarorlari kuzatuv kengashi majlisining bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi.
