13-modda. Zararning oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi ijro hujjatini ijro etish tartibi
Davlat organining yoki uning mansabdor shaxsining qonunga xilof qarori, harakati yoxud harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash toʻgʻrisida (O‘RQ-1161-son) · Sana: 27.07.2026 · Amalda
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining yuridik xizmati ijro hujjati kelib tushgan kundan eʼtiboran besh ish kuni ichida hujjatni koʻrib chiqib, ushbu ijro hujjatida koʻrsatilgan zararning oʻrnini qoplash uchun mablagʻ ajratish haqidagi qaror loyihasini undiruvchining bankdagi hisobvaragʻini koʻrsatgan holda hududiy kuzatuv kengashiga kiritadi.
Hududiy kuzatuv kengashi bir ish kuni ichida qaror loyihasini koʻrib chiqadi va ijro hujjatida koʻrsatilgan zararning oʻrnini qoplab berish uchun mablagʻ ajratish haqida qaror qabul qiladi hamda hududiy ishchi organga mazkur qarorni darhol yuboradi.
Hududiy kuzatuv kengashining qaroriga muvofiq hududiy ishchi organ mazkur qaror kelib tushgan kundan eʼtiboran bir ish kuni ichida hududiy kompensatsiya jamgʻarmasidagi mavjud mablagʻlar doirasida zararning oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi ijro hujjatida koʻrsatilgan zararning oʻrnini qoplash uchun tegishli mablagʻlarni undiruvchining bankdagi hisobvaragʻiga yoki shaxsiy bank kartasiga oʻtkazib beradi.
Undiruvchiga mablagʻlarni oʻtkazib berish hududiy kuzatuv kengashi qarorining roʻyxatga olish tartib raqami ketma-ketligi asosida amalga oshiriladi.
Sudning qarori ustidan sudga shikoyat kiritilgan va ijro ishini yuritish toʻxtatib turilgan taqdirda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining yuridik xizmati sudning ijro ishini yuritish toʻxtatilganligi haqidagi tegishli qarori (ajrimi) ilova qilingan holdagi xatni undiruvchiga ikki ish kuni ichida yuboradi. Bunda ijro hujjatini ijro etish boʻyicha barcha harakatlar qonunchilikda belgilangan tartibda toʻxtatib turiladi.
