3-modda. Asosiy tushunchalar
Ijtimoiy ish toʻgʻrisida (O‘RQ-1159-son) · Sana: 23.07.2026 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
ahamiyatga ega boʻlgan axborot — ijtimoiy ishni tashkil etishda zarur boʻlgan holatlarni tasdiqlovchi shaxsga doir maʼlumotlar, shuningdek arxiv hujjatlari, materiallar va boshqa maʼlumotlar;
ijtimoiy ish — ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarning (oilalarning) imkoniyatlarini va salohiyatini oshirishga koʻmaklashadigan, ijtimoiy xizmatlar va ijtimoiy yordamni rivojlantirish orqali jamiyatda ijtimoiy oʻzgarishlarga olib keladigan kasbiy faoliyat sohasi;
ijtimoiy yordam — ijtimoiy ishning ajralmas qismi boʻlib, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarning (oilalarning) ijtimoiy-iqtisodiy holati yomonlashganligi tufayli ularga koʻrsatiladigan moddiy koʻmak, shuningdek ularning jamiyatga ijtimoiylashuvini taʼminlashga qaratilgan, aniq maqsadga yoʻnaltirilgan ijtimoiy-iqtisodiy tadbirlar majmui;
ijtimoiy xizmatlar — ijtimoiy ishning ajralmas qismi boʻlib, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxsning (oilaning) turmushi sifatini oshirishga, unga jamiyat hayotida ishtirok etishi uchun boshqa shaxslar bilan teng imkoniyatlar yaratishga va (yoki) uning asosiy hayotiy ehtiyojlarini mustaqil ravishda taʼminlash imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan psixologik-pedagogik, ijtimoiy-huquqiy, tibbiy-ijtimoiy va boshqa chora-tadbirlar majmui;
ijtimoiy xizmatlar va ijtimoiy yordamdan foydalanuvchilar — ijtimoiy xizmatlar va ijtimoiy yordam koʻrsatilishi uchun ijtimoiy himoyaga muhtoj deb topilgan shaxslar (oilalar);
ijtimoiy xodim — ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxsga (oilaga) ijtimoiy ish sohasining asosiy prinsiplariga va ijtimoiy xizmatlar standartlariga muvofiq ijtimoiy xizmatlar va ijtimoiy yordam koʻrsatish va (yoki) ularning koʻrsatilishini tashkil etish hamda monitoring qilish uchun tegishli maʼlumotga, kasbiy salohiyatga hamda ish tajribasiga ega boʻlgan mutaxassis;
ijtimoiy himoya — ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxsning (oilaning) toʻlaqonli hayot kechirish jarayonida yuzaga kelgan ogʻir ijtimoiy vaziyat bilan bogʻliq cheklovlarni yengishi va jamiyat hayotida ishtirok etishi uchun boshqa shaxslar bilan teng imkoniyatlar yaratishga qaratilgan, davlat tomonidan kafolatlangan chora-tadbirlar;
ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxs (oila) — ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi, Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarosi va fuqaroligi boʻlmagan shaxs;
ogʻir ijtimoiy vaziyat — ijtimoiy, iqtisodiy, tibbiy yoki boshqa omillar sababli shaxsning (oilaning) hayotiy faoliyatini obyektiv ravishda yomonlashtiradigan, buning oqibatlarini mustaqil ravishda bartaraf eta olmasligi tufayli unga ijtimoiy xizmatlar va ijtimoiy yordam koʻrsatish uchun asos boʻladigan holat.
