6-modda. Investitsiyalarni, mol-mulkni va mulk huquqini himoya qilish
Toshkent xalqaro moliya markazi toʻgʻrisida (O‘RQ-1158-son) · Sana: 13.07.2026 · Amalda
Moliya markazi organlarining, ishtirokchilarining, xodimlarining, investitsiyaviy soliq rezidentlarining va ular oila aʼzolarining Moliya markazi hududida joylashgan yoki Moliya markazining qarorlariga muvofiq shakllantirilgan mablagʻlari, aktivlari, mol-mulki va huquqlari musodara qilinishiga, natsionalizatsiya qilinishiga, ekspropriatsiya qilinishiga, sekvestrlashtirilishiga, muzlatilishiga yoki ularga egalik qilinishini yoxud ularning erkin tasarruf etilishini har qanday tarzda cheklashga yoʻl qoʻyilmaydi, bundan ushbu Konstitutsiyaviy Qonunga va Moliya markazining qarorlariga muvofiq chiqarilgan Toshkent xalqaro tijorat sudining yakunlovchi va majburiy kuchga ega boʻlgan hal qiluv qarorlari yoki ajrimlari yoxud jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish, sanksiyalar, jinoiy daromadlar yoki toʻlovga qobiliyatsizlik (bankrotlik) masalalariga oid amaldagi qonunlarga yoki Moliya markazining qarorlariga muvofiq qabul qilingan cheklovlar mustasno.
Ushbu moddaga muvofiq koʻriladigan har qanday chora qonuniy, mutanosib, tegishli protsessual kafolatlarga rioya etilgan holda amalga oshirilishi kerak hamda ushbu Konstitutsiyaviy Qonunga va Moliya markazining qarorlariga muvofiq sud tartibida qayta koʻrib chiqilishi mumkin.
Ushbu moddada belgilangan himoya choralari Moliya markazi hududidan tashqaridagi Oʻzbekiston Respublikasi davlat hokimiyati organining yoki ijro etuvchi hokimiyat organining hech bir hujjati bilan kamaytirilishi yoki cheklanishi mumkin emas, bunday kamaytirishni yoki cheklashni nazarda tutuvchi har qanday hujjat esa shunday kamaytirishga yoki cheklashga oid qismi boʻyicha Moliya markazi hududida yuridik kuchga ega boʻlmaydi va qoʻllanilmaydi.
