5-modda. Moliya markazining ishtirokchilari va Moliya markazida amalga oshiriladigan faoliyat
Toshkent xalqaro moliya markazi toʻgʻrisida (O‘RQ-1158-son) · Sana: 13.07.2026 · Amalda
Shaxslarni Moliya markazining ishtirokchilari deb eʼtirof etish talablari va tartib-taomillari, shuningdek Moliya markazi hududida yuridik shaxslarni taʼsis etish, roʻyxatdan oʻtkazish hamda ularning tashkiliy-huquqiy shakllariga nisbatan qoʻyiladigan talablar va unga doir tartib-taomillar Moliya markazi kengashining qarori bilan belgilanadi. Moliyaviy xizmatlarni, qoʻshimcha xizmatlarni va ruxsat etilgan boshqa faoliyat turlarini litsenziyalash ushbu Konstitutsiyaviy Qonunning 7-moddasi hamda Moliya markazining unga muvofiq qabul qilinadigan qarorlari bilan tartibga solinadi. Moliya markazining qarorlariga muvofiq Moliyaviy xizmatlar boshqarmasi tomonidan tartibga solinadigan moliyaviy xizmatlarga va qoʻshimcha xizmatlarga taalluqli masalalarga nisbatan Moliyaviy xizmatlar boshqarmasi tomonidan qabul qilinadigan hujjatlar qoʻshimcha ravishda qoʻllaniladi.
Yuridik shaxslar chet el huquqiga, Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga yoki Moliya markazining qarorlariga muvofiq tashkil etilganligidan qatʼi nazar, Moliya markazining ishtirokchilari sifatida eʼtirof etish hamda roʻyxatdan oʻtkazish uchun qoʻllaniladigan talablarga rioya etish sharti bilan Moliya markazining ishtirokchilari mezonlariga mos kelishi, eʼtirof etilishi va roʻyxatdan oʻtishi mumkin.
Moliya markazining ishtirokchilariga, xodimlariga, investitsiyaviy soliq rezidentlariga va ularning oila aʼzolariga berilgan identifikatsiya raqamlari Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq berilgan identifikatsiya raqamlari bilan bir xil tartibda Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida tan olinadi hamda qoʻllaniladi.
Identifikatsiya raqamlarini berish, yuritish va ulardan foydalanish tartib-taomillari, shu jumladan tegishli identifikatsiya raqamlari reyestrini yaratish hamda uning faoliyat koʻrsatishi Moliya markazining maʼmuriyati tomonidan belgilanadi.
Moliya markazi hududida qimmatli qogʻozlarning va boshqa moliyaviy vositalarning chiqarilishi, taklif etilishi, listing qilinishi, savdosi, sotib olinishi, soʻndirilishi hamda boshqa muomalasi Moliyaviy xizmatlar boshqarmasining qarori bilan tartibga solinadi.
Qimmatli qogʻozlar yoki boshqa moliyaviy vositalar fond birjasida listingdan oʻtgan yoki savdoga qoʻyilgan taqdirda, mazkur fond birjasining listing va savdo qoidalari Moliyaviy xizmatlar boshqarmasining mutlaq nazorati va tartibga solish vakolati saqlangan holda qoʻshimcha ravishda qoʻllaniladi.
