31-modda. Oʻtish qoidalari va Moliya markazini faollashtirish
Toshkent xalqaro moliya markazi toʻgʻrisida (O‘RQ-1158-son) · Sana: 13.07.2026 · Amalda
Moliya markazining organlari ushbu Konstitutsiyaviy Qonun kuchga kirgan kundan eʼtiboran oʻn ikki oydan kechiktirmay, Moliya markazining ushbu Konstitutsiyaviy Qonunda toʻgʻridan-toʻgʻri belgilangan va Moliya markazining samarali tashkil etilishi hamda faoliyat yuritishi uchun zarur boʻlgan qarorlarini tayyorlaydi va qabul qiladi hamda mazkur ishlarni amalga oshirish uchun barcha zarur choralarni koʻradi. Moliya markazining kengashi ushbu muddatni asoslantirilgan qaror bilan olti oygacha uzaytirishi mumkin.
Ushbu modda birinchi qismining maqsadlari uchun Moliya markazining kengashi oʻz qarori bilan Moliya markazining faoliyatini boshlash uchun zarur deb eʼtirof etiladigan Moliya markazi qarorlari roʻyxatini belgilaydi. Bunday qarorlar jumlasiga Moliya markazini boshqarish, tartibga solish, sud faoliyatini amalga oshirish yoki uning kundalik faoliyat yuritishi uchun muhim boʻlgan masalalarni tartibga soluvchi Moliya markazi qarorlari kiradi.
Moliya markazining ushbu modda birinchi qismida koʻrsatilgan qarorlari qabul qilinganidan keyin Moliya markazining kengashi Moliya markazining joriy tayyorgarligini baholaydi va uning faoliyat yuritishi uchun zarur boʻlgan huquqiy, institutsional va tashkiliy asoslar yaratilganligiga ishonch hosil qilgan taqdirda, Moliya markazini faoliyatni boshlashga tayyor deb topish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Moliya markazi kengashining Moliya markazini faoliyatni boshlashga tayyor deb topish toʻgʻrisidagi qarori tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga taqdim etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Moliya markazini faoliyatni boshlashga tayyor deb topish toʻgʻrisidagi qaror tasdiqlanganidan keyin, ushbu qarorda koʻrsatilgan sanadan eʼtiboran Moliya markazi faollashtirilgan deb hisoblanadi va bu sana tasdiqlash sanasidan eʼtiboran bir oydan kech boʻlmasligi kerak.
Faollashtirish sanasidan eʼtiboran Moliya markazi oʻzining huquqiy rejimini, vakolatlarini, javobgarligini hamda funksiyalarini ushbu Konstitutsiyaviy Qonunga va Moliya markazining qarorlariga muvofiq qabul qilib oladi hamda oʻz faoliyatini boshlaydi.
