3-modda. Moliya markazi, uning maqsadi va vazifalari
Toshkent xalqaro moliya markazi toʻgʻrisida (O‘RQ-1158-son) · Sana: 13.07.2026 · Amalda
Moliya markazi ushbu Konstitutsiyaviy Qonunda belgilangan maxsus huquqiy rejim amal qiladigan, dastlabki chegaralari Moliya markazi tashkil etilishi munosabati bilan qabul qilinadigan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni bilan belgilanadigan hududdir.
Moliya markazining dastlabki hududiy chegaralari belgilanib, Moliya markazi ushbu hududda oʻz faoliyatini boshlaganidan keyin mazkur hududning chegaralari qisqartirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti oʻz farmoni bilan Moliya markazining hududini kengaytirishi yoki uning chegaralariga aniqlashtiruvchi oʻzgartirishlar kiritishi mumkin.
Matnning mazmuni taqozo etgan taqdirda, Moliya markazi atamasi ushbu Konstitutsiyaviy Qonun asosida tashkil etilgan huquqiy, tartibga soluvchi va institutsional tizimni va (yoki) Moliya markazi organlarini oʻz ichiga oladi.
Moliya markazining maqsadi xalqaro moliyaviy xizmatlar sektoriga samarali hissa qoʻshish va Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyotining barqaror rivojlanishini, diversifikatsiya qilinishini hamda xalqaro maydonda uning raqobatbardoshliligini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan yetakchi xalqaro moliya markaziga aylanishdan iborat.
Moliya markazining organlari ushbu Konstitutsiyaviy Qonun, Moliya markazining qarorlari hamda ayrim hollarda Oʻzbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan vakolatlar va huquqlarga ega boʻladi.
Moliya markazi huquqiy aniqlik, tartibga solishni oldindan koʻra bilish, sud mustaqilligi hamda investorlarni jalb etish va himoya qilishni taʼminlash maqsadida, yetakchi xalqaro moliya markazlarining eng yaxshi amaliyotlari inobatga olingan holda tashkil etiladi hamda boshqariladi.
Moliya markazining vazifalari quyidagilardan iborat:
moliyaviy xizmatlar uchun jozibador, raqobatbardosh va shaffof muhitni yaratish hamda ushbu moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish orqali Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyotiga, shu jumladan milliy strategik loyihalarga, infratuzilmaga, energetikaga, davlat-xususiy sheriklik loyihalariga va birgalikdagi investitsiya loyihalariga mahalliy va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish;
Oʻzbekiston Respublikasida qimmatli qogʻozlar bozorlarini va boshqa kapital bozorlarini rivojlantirish hamda ularning xalqaro kapital bozorlari bilan integratsiyalashuvini ragʻbatlantirish;
