2-modda. Asosiy tushunchalar
Toshkent xalqaro moliya markazi toʻgʻrisida (O‘RQ-1158-son) · Sana: 13.07.2026 · Amalda
Ushbu Konstitutsiyaviy Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
identifikatsiya raqami — Moliya markazining shaxslariga ular toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni hisobga olish va saqlash maqsadida beriladigan noyob raqam;
moliyaviy bozor infratuzilmasi faoliyati — ushbu Konstitutsiyaviy Qonun 7-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan xizmatlar hamda Moliya markazining qarorida moliyaviy bozor infratuzilmasi faoliyati sifatida belgilanishi mumkin boʻlgan boshqa xizmatlar;
Moliya markazining ishtirokchilari — Moliya markazining qaroriga muvofiq roʻyxatga olingan yoki taʼsis etilgan yoxud Moliya markazi tomonidan eʼtirof etilgan shaxslar;
Moliya markazining muhim ahamiyatga ega qarori — Moliya markazining shaxslari uchun yangi majburiyatlar, cheklovlar yoki talablar joriy etadigan, Moliya markazida qoʻllaniladigan yigʻimlarni, jarimalarni yoki boshqa toʻlovlarni joriy etadigan yoki ularning miqdorini sezilarli darajada oshiradigan, Moliya markazining ishtirokchilariga nisbatan amal qilayotgan mavjud tartibga solish rejimiga jiddiy oʻzgartirish kiritadigan yoxud Moliya markazi organining boshqaruviga, tuzilmasiga yoki vakolatlariga taalluqli boʻlgan Moliya markazining har qanday qarori;
moliyaviy xizmatlar — ushbu Konstitutsiyaviy Qonunning 7-moddasida nazarda tutilgan tartibga solinadigan moliyaviy xizmatlar, moliyaviy bozor infratuzilmasi faoliyati hamda raqamli aktivlar bilan bogʻliq faoliyat, shuningdek Moliya markazining qarorlari bilan moliyaviy xizmatlar sifatida belgilanishi mumkin boʻlgan boshqa faoliyat va xizmatlar majmui;
Moliya markazining xodimi — Moliya markazidagi faoliyat bilan bogʻliq holda mehnat shartnomasi yoki unga tenglashtirilgan boshqa kelishuv asosida Moliya markazining ishtirokchisi yoki Moliya markazining organi tomonidan ishga qabul qilingan yoxud ularning ixtiyoriga xizmatga yuborilgan jismoniy shaxs;
Moliya markazining shaxslari — Moliya markazining organlari, shuningdek Moliya markazining ishtirokchilari, xodimlari, investitsiyaviy soliq rezidentlari va ularning oila aʼzolari;
Moliya markazining qarori — Moliya markazining ushbu Konstitutsiyaviy Qonun 22-moddasining birinchi qismida koʻrsatilgan organi tomonidan oʻz vakolatlari doirasida qabul qilingan hamda belgilangan tartibda eʼlon qilinishi natijasida huquqiy kuchga va yuridik taʼsirga ega boʻlgan normativ hujjat;
oila aʼzolari — Moliya markazi ishtirokchisining, xodimining yoki investitsiyaviy soliq rezidentining turmush oʻrtogʻi va 18 yoshga toʻlmagan farzandlari;
