20-modda. Chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar uchun viza rejimi
Toshkent xalqaro moliya markazi toʻgʻrisida (O‘RQ-1158-son) · Sana: 13.07.2026 · Amalda
Moliya markazida faoliyatni amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kelayotgan chet el fuqarosi va fuqaroligi boʻlmagan shaxs kirish vizasini Oʻzbekiston Respublikasining elchixonasida yoki boshqa diplomatik vakolatxonasida yoxud Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi xalqaro aeroportga yetib kelganidan keyin olishi mumkin. Faoliyatni amalga oshirish maqsadini tasdiqlash uchun zarur boʻlgan hujjatlar va tartib-taomillar Moliya markazining qarorlarida belgilanishi mumkin.
Moliya markazining shaxsi hisoblangan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar kirish vizasini besh yilgacha boʻlgan muddatga olishi mumkin.
Moliya markazining jismoniy shaxslari uchun vizalar berish, ularni bekor qilish, qayta tiklash va ularning amal qilish muddatini qisqartirish Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq, Moliya markazi maʼmuriyatining iltimosnomasiga asosan amalga oshiriladi.
Moliya markazining ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismida koʻrsatilgan jismoniy shaxsiga berilgan vizaning amal qilish muddati mazkur shaxs Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqariga chiqmasidan turib, Moliya markazi maʼmuriyatining arizasiga binoan, Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq uzaytirilishi mumkin.
Moliya markazida faoliyatni amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasiga kelayotgan chet el fuqarolarining va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasiga kirishi va Oʻzbekiston Respublikasidan chiqishi shartlari hamda tartibining oʻziga xos xususiyatlari Moliya markazi kengashining Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli vazirlik va idoralari bilan kelishilgan qarori bilan belgilanadi.
