7-modda. Shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirishning majburiy shartlari
Shaharsozlik renovatsiyasi toʻgʻrisida (O‘RQ-1149-son) · Sana: 10.06.2026 · Amalda
Shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirishning majburiy shartlari quyidagilardan iborat:
renovatsiya loyihasini ushbu Qonunda belgilangan talablarga muvofiq tarzda ishlab chiqish;
huquq egalari bilan oʻtkaziladigan ochiq muhokamada turar va noturar joy toifasidagi obyektlarni renovatsiya loyihasiga kiritish uchun har bir obyekt huquq egalarining kamida beshdan toʻrt qismining notarial tasdiqlangan yozma roziligini olish;
qurilish ishlarini amalga oshirishda shaharsozlik renovatsiyasi dasturi talablariga toʻliq rioya etish;
har bir turar joyni, bino va inshootlarni yangidan qurish hamda rekonstruksiya qilish uchun ruxsatnoma olishda energiya jihatidan samaradorligi holatini aniqlash;
muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarining shaharsozlik renovatsiyasi hududida bunyod etilishi rejalashtirilgan obyektlar bosimiga toʻgʻri kelishi, aks holda, ularning mazkur tarmoqlar bilan birgalikda renovatsiya qilinishini nazarda tutish;
asosiy turistik yoʻnalishlarda zamonaviy turistik obyektlar qurish;
renovatsiya loyihasida qamrab olingan hududning kamida toʻrtdan bir qismi yashil zonalardan iborat boʻlishi;
shaharsozlik renovatsiyasi hududini hamda undagi turar va noturar joy toifasidagi obyektlarni meʼmoriy, ijtimoiy, iqtisodiy hamda ekologik jihatdan samarali holatga keltirish.
Hududiy zonalashtirishni oʻzgartirishda, qoida tariqasida, yashil zonalarni boshqa hududiy toifadagi zonalarga oʻzgartirishga yoʻl qoʻyilmaydi. Yashil zonalarning joylashgan oʻrnini oʻzgartirmasdan renovatsiya loyihasini amalga oshirish mumkin boʻlmagan hollarda yangi tashkil etiladigan yashil zonaning maydoni oʻzgartirilayotgan dastlabki yashil zonaning maydonidan kam boʻlishi mumkin emas.
Renovatsiya loyihasini ishlab chiqishda yer uchastkalarini qayta rejalashtirishga quyidagi hollarda yoʻl qoʻyilishi mumkin:
kamida soʻnggi uch yil davomida faoliyat koʻrsatmayotgan ishlab chiqarish zonalarini turar joy zonalari va boshqa zonalar toifasiga oʻtkazishda;
hududiy zonalashtirishni oʻzgartirishda. Bunda hududning infratuzilma obyektlari va ijtimoiy soha obyektlari hamda umumiy foydalanishdagi joylar bilan taʼminlanganligi inobatga olinadi. Shuningdek shartli ruxsat etilgan foydalanish turi uchun ruxsatnoma olishga qonunchilikda belgilangan miqdorda va ijtimoiy infratuzilma obyektlariga qoʻshimcha yuklamani kompensatsiya qilish sharti bilan yoʻl qoʻyiladi.
