31-modda. Shaharsozlik renovatsiyasi dasturini shakllantirish
Shaharsozlik renovatsiyasi toʻgʻrisida (O‘RQ-1149-son) · Sana: 10.06.2026 · Amalda
Shaharsozlik renovatsiyasi dasturi quyidagilarni oʻz ichiga olishi kerak:
shaharsozlik renovatsiyasi amalga oshirilishi rejalashtirilgan hudud toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni, uning sxemasi va chegarasi tavsiflarini;
buzilishi, rekonstruksiya qilinishi, yangi qurilishi lozim boʻlgan turar va noturar joy toifasidagi obyektlarning manzillarini;
shaharsozlik renovatsiyasi amalga oshirilishi rejalashtirilgan hududda joylashgan hamda loyiha boʻyicha buzishga, rekonstruksiya qilishga va yangi qurilishga tegishli boʻlgan muhandislik, kommunal, transportga oid hamda ijtimoiy infratuzilma obyektlarining tavsifi;
kelgusida shaharsozlik renovatsiyasi dasturi asosida huquq egalari yangi qurilgan uy-joylardan olishi yuzasidan kelishuv bitimiga erishilgan taqdirda, aholini vaqtinchalik koʻchirib turish nazarda tutilgan uy (uylar) haqidagi va vaqtinchalik ijara toʻlovlarini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
renovatsiya loyihasini amalga oshirish boʻyicha potensial investor va ushbu loyihani moliyalashtirish manbalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
renovatsiya loyihasini amalga oshirishda moliyalashtirish manbalari yetarli boʻlmagan taqdirda, foydani mutanosib ravishda teng ulushlarda taqsimlash shartlari asosida uchinchi shaxslarning mablagʻlarini jalb etish yuzasidan investitsiya dasturini eʼlon qilish toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
huquq egalari bilan kelishuv bitimi tuzilganligini tasdiqlovchi maʼlumotlar;
renovatsiya loyihasini amalga oshirish ketma-ketligi va muddatlari;
shaharsozlik faoliyatiga doir qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa maʼlumotlar.
Shaharsozlik renovatsiyasi dasturi ushbu Qonunga muvofiq boʻlishi shart. Shaharsozlik renovatsiyasi dasturiga ushbu Qonunda nazarda tutilmagan yoki unga zid boʻlgan masalalar kiritilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
