3-modda. Asosiy tushunchalar
Shaharsozlik renovatsiyasi toʻgʻrisida (O‘RQ-1149-son) · Sana: 10.06.2026 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
yer uchastkalarini qayta rejalashtirish — renovatsiya loyihasi doirasida aholi punktining bosh rejasida va batafsil rejalashtirish loyihasida nazarda tutilgan aholi punktlarining hududiy zonalarini oʻzgartirish;
huquq egasi — shaharsozlik renovatsiyasi hududida joylashgan koʻchmas mulk obyektlarining egalari boʻlgan va yer uchastkalariga nisbatan meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish, doimiy foydalanish, ijara (bundan ikkilamchi ijara huquqi mustasno), mulk huquqi yoki qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquq turi asosida egalik qilayotgan jismoniy yoki yuridik shaxs;
ommaviy baholash — koʻchmas mulk obyektlarini ularning bozor narxiga yaqin boʻlgan qiymatini aniqlash maqsadida davlat tomonidan davriy ravishda amalga oshiriladigan baholash;
renovatsiya loyihasi — shaharsozlik renovatsiyasi hududida aholi punktining bosh rejasiga, batafsil rejalashtirish loyihasiga muvofiq tarzda urbanizatsiya jarayonlarini inobatga olgan holda, texnik-iqtisodiy asosni, texnik-iqtisodiy hisob-kitoblarni hamda batafsil loyiha yechimlarini oʻz ichiga olgan hujjatlar yigʻmajildidan iborat hujjat;
renovatsiya loyihasining konsepsiyasi — shaharsozlik renovatsiyasi hududidagi yer uchastkasining hamda unda joylashgan turar va noturar joy toifasidagi obyektlarning shaharsozlik renovatsiyasi amalga oshirilishini rejalashtirish natijasida shakllanadigan dastlabki loyihaviy koʻrinishi aks etgan hujjat;
uchinchi shaxslar — shaharsozlik renovatsiyasi hududida doimiy yashamaydigan jismoniy shaxslar yoki renovatsiya loyihasini amalga oshirish istagini bildirgan investorlar yoxud qurilish tashkilotlari;
shaharsozlik hujjatlari — hududlarni va aholi punktlarini rivojlantirishni shaharsozlik jihatidan rejalashtirish toʻgʻrisidagi hamda ularni qurish haqidagi tasdiqlangan hujjatlar;
shaharsozlik renovatsiyasi — shaharsozlik hujjatlariga koʻra ishlab chiqilgan renovatsiya loyihasiga muvofiq hududni meʼmoriy, ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik jihatdan yaxshilashga, shuningdek ushbu hududda joylashgan binolarni, inshootlarni yashash va foydalanish uchun yaroqli, qulay hamda energiya jihatidan samarador holatga keltirishga, shu jumladan ulardan samarali foydalanishga hamda yer uchastkalarini qayta rejalashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar majmui;
shaharsozlik renovatsiyasi dasturi — ushbu Qonunga muvofiq Shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirishni muvofiqlashtirish boʻyicha respublika kengashining yoki shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish boʻyicha hududiy kengashlarning qarori bilan tasdiqlanadigan, ijrochilar oldiga aniq maqsadlar va vazifalar qoʻyilgan, renovatsiya loyihasini amalga oshirishning aniq muddatlari belgilangan renovatsiya loyihasini amalga oshirish toʻgʻrisidagi rasmiy hujjat;
