36-modda. Referendum uchastkasida ovozlarni sanab chiqish
“Oʻzbekiston Respublikasining referendumi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (265-II-son) · Sana: 30.08.2001 · Amalda
Ovoz berish tugagach, foydalanilmagan barcha ovoz berish byulletenlari ovoz berish qutilarini ochishdan oldin referendum oʻtkazuvchi uchastka komissiyasining aʼzolari ishtirokida sanab chiqiladi va referendum oʻtkazuvchi uchastka komissiyasi tomonidan bekor qilinadi.
Ovoz berish qutilari referendum oʻtkazuvchi uchastka komissiyasining raisi ovoz berish tugadi deb eʼlon qilganidan keyin referendum oʻtkazuvchi uchastka komissiyasi tomonidan ochiladi. Ovoz berish tugaguniga qadar ovoz berish qutilarini ochish taqiqlanadi. Ovoz berish qutilarini ochish navbatma-navbat amalga oshiriladi avval koʻchma, soʻngra statsionar ovoz berish qutilari ochiladi.
Ovozlar bevosita referendum oʻtkazuvchi uchastka komissiyasi aʼzolari tomonidan sanab chiqiladi.
Ovoz berish byulletenining haqiqiyligiga shubha tugʻilsa, masala referendum oʻtkazuvchi uchastka komissiyasi tomonidan ovozga qoʻyish orqali hal etiladi. Ovoz berish byulletenini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisida qaror qabul qilinsa, uchastka komissiyasi uning orqa tomonida haqiqiy emasligining sabablarini koʻrsatadi. Bu yozuv referendum oʻtkazuvchi uchastka komissiyasi kamida uch aʼzosining imzolari bilan tasdiqlanadi.
Referendum oʻtkazuvchi uchastka komissiyasi referendumda ishtirok etish huquqiga ega boʻlgan fuqarolarning umumiy sonini, byulletenlarni olgan fuqarolarning sonini aniqlaydi.
Ovoz berish qutilaridagi ovoz berish byulletenlariga asosan komissiya:
ovoz berishda ishtirok etgan fuqarolarning sonini;
referendumga qoʻyilgan masalani yoqlab berilgan ovozlar sonini;
referendumga qoʻyilgan masalaga qarshi berilgan ovozlar sonini;
haqiqiy emas deb topilgan ovoz berish byulletenlari sonini aniqlaydi.
Referendum oʻtkazuvchi uchastka komissiyasi ovoz berish hamda ovozlarni sanab chiqish chogʻida kelib tushgan shikoyatlarni (arizalarni) koʻrib chiqadi. Shundan soʻng uchastka komissiyasi ovozlarni sanab chiqish natijalari boʻyicha majlis oʻtkazib, unda ovoz berish yakunlari toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Ovozlarni sanab chiqish natijalari referendum oʻtkazuvchi uchastka komissiyasining majlisida koʻrib chiqiladi hamda rais, rais oʻrinbosari, kotib, komissiyaning boshqa aʼzolari tomonidan imzolanadigan bayonnomaga kiritiladi. Shundan soʻng bayonnoma referendum oʻtkazuvchi uchastka komissiyasining raisi yoki rais oʻrinbosari tomonidan oʻqib eshittiriladi hamda mazkur bayonnomaning koʻchirma nusxasi hamma tanishib chiqishi uchun referendum oʻtkazuvchi uchastka komissiyasi binosiga kamida qirq sakkiz soat muddatga darhol osib qoʻyiladi.
