352-modda. Fuqaroning chet davlatda turgan joyida ovoz berishi
“Oʻzbekiston Respublikasining referendumi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (265-II-son) · Sana: 30.08.2001 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga va chet davlatlarning vakolatli davlat hokimiyati organlari bilan kelishuvlarga muvofiq chet davlatlarning aholi zich joylashgan hududlarda muddatidan oldin ovoz berish fuqaroning turgan joyida oʻtkazilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatdagi diplomatik va boshqa vakolatxonasi huzurida tuzilgan referendum oʻtkazuvchi uchastka komissiyasi fuqarolarning turgan joyida ovoz berish vaqti hamda joyi toʻgʻrisida qaror qabul qiladi va bu haqda fuqarolarni, kuzatuvchilarni ommaviy axborot vositalari orqali xabardor etadi.
Fuqarolarning turgan joyida ovoz berishi Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatdagi diplomatik va boshqa vakolatxonasi huzurida tuzilgan referendum oʻtkazuvchi uchastka komissiyasining kamida ikki nafar aʼzosi hozirligida oʻtkaziladi.
Ovoz berish tugaganidan keyin referendum oʻtkazuvchi uchastka komissiyasi aʼzolari koʻchma ovoz berish qutisini ochadi, uning ichidagi ovoz berish byulletenlarini sanamasdan maxsus qopga joylaydi, qopni plombalaydi va bu haqda dalolatnoma tuzadi.
Ovoz berish byulletenlari solingan qop plombalangan holda dalolatnoma bilan birga referendum uchastkasiga olib boriladi va referendum kuni ovozlarni sanab chiqish jarayoni boshlanguniga qadar saqlanadi.
