23-modda. Referendum oʻtkazuvchi uchastka komissiyalariga aʼzolik
“Oʻzbekiston Respublikasining referendumi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (265-II-son) · Sana: 30.08.2001 · Amalda
Yigirma bir yoshga toʻlgan, oʻrta yoki oliy maʼlumotga, qoida tariqasida, saylovga hamda referendumlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish borasida ish tajribasiga ega boʻlgan, aholi oʻrtasida obroʻ-eʼtibor qozongan fuqarolar referendum oʻtkazuvchi uchastka komissiyasining aʼzolari boʻlishi mumkin.
Siyosiy partiyalarning aʼzolari, deputatlar, senatorlar, viloyat, tuman va shahar hokimlari hamda ularning oʻrinbosarlari, boshqa saylov komissiyalarining aʼzolari, prokuratura organlarining, sudlarning mansabdor shaxslari, fuqarolarning tashabbuskor guruhi tarkibiga kiruvchi shaxslar, ogʻir yoki oʻta ogʻir jinoyatlar sodir etganligi uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoxud sudlanganligi olib tashlanmagan fuqarolar referendum oʻtkazuvchi uchastka komissiyasining aʼzosi boʻlishi mumkin emas.
Referendum oʻtkazuvchi uchastka komissiyasi aʼzolarining yarmidan koʻpini bir tashkilotda ishlaydigan shaxslar tashkil etadigan boʻlsa, ular ushbu komissiya tarkibiga tavsiya etilishi mumkin emas, bundan Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida, harbiy qismlarda, sanatoriylarda va dam olish uylarida, kasalxonalarda hamda boshqa statsionar davolash muassasalarida, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum qilish joylarida tashkil etilgan referendum oʻtkazuvchi uchastka komissiyalari mustasno.
Komissiyaning aʼzosi shaxsan bergan arizasiga muvofiq, shuningdek vakolatlaridan mahrum etilgan taqdirda oʻz vazifasini bajarishdan ozod qilinishi mumkin.
Komissiya aʼzosini vakolatlaridan mahrum etish huquqi komissiyani tuzgan hududiy komissiyaga tegishli boʻlib, komissiya aʼzosi ushbu Qonun talablarini buzgan yoki oʻz vazifalarini muntazam ravishda eʼtiborsiz qoldirib kelgan taqdirda oʻz vakolatlaridan mahrum etiladi.
Zarurat boʻlganda komissiyaning yangi aʼzosi ushbu Qonunda va Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksida belgilangan tartibda tasdiqlanadi.
Ayni bir shaxs referendum oʻtkazuvchi faqat bitta komissiyaga aʼzo boʻlishi mumkin.
