412-modda. Ekologik toza hududlar rejimi
Ekologik toza hududlarning huquqiy maqomi belgilanishi munosabati bilan “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga qoʻshimcha kiritish haqida (O‘RQ-1145-son) · Sana: 14.05.2026 · Amalda
Ekologik toza hududlarda kurort tabiiy hududlar va rekreatsiya zonalari rejimida belgilangan cheklovlar hamda taqiqlar bilan bir qatorda kuyidagilar taqiqlanadi:
ekologik tizimlarning barqarorligi buzilishiga va tabiiy landshaftlarning koʻrinishi hamda yer osti suvlarining gidrogeologik holati oʻzgartirilishiga olib keladigan ishlarni amalga oshirish;
tabiiy obyektlarga va majmualarga salbiy taʼsir qiluvchi sanoat obyektlarining qurilishi va faoliyat koʻrsatishi;
roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan plastik mahsulotlarning (bundan tabiiy organik polimer mahsulotlar mustasno) ishlab chiqarilishi, realizatsiya qilinishi (yetkazib berilishi va sotilishi).
Ekologik toza hududlardagi faoliyati natijasida oqova suv hosil qiluvchi xoʻjalik yurituvchi subyektlarning ishlab chiqarish obyektlari hamda avtomobil yuvish shoxobchalari oqova suvlarni tozalash inshootlari bilan jihozlanishi, tegishli ravishda tozalangan oqova suvlarni oqizib yuborish uchun oqova suvlarni chiqarib yuborish tarmoqlariga ulanishi yoki ularda oqova suvlarni toʻplash uchun muqobil inshootlar qurilishi, aylanma suv taʼminoti joriy etilishi va ulardan samarali foydalanilishi shart.
Ekologik toza hududlarda davlat ekologik ekspertizasining xulosasi asosida aniqlangan muhofaza etiladigan tabiiy obyektlar va majmualarga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi boshqa faoliyat turlari taqiqlanadi”.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
ushbu Qonunning 1-moddasida nazarda tutilgan Ekologik toza hududlarda ishlab chiqarilishi, realizatsiya qilinishi (yetkazib berilishi va sotilishi) taqiqlangan plastik mahsulotlar roʻyxatini ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy ichida belgilasin;
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
