“411-modda. Ekologik toza hududlar
Ekologik toza hududlarning huquqiy maqomi belgilanishi munosabati bilan “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga qoʻshimcha kiritish haqida (O‘RQ-1145-son) · Sana: 14.05.2026 · Amalda
Kurort tabiiy hududlarda va rekreatsiya zonalarida joylashgan, atrof tabiiy muhitga boʻladigan taʼsiri yoʻl qoʻyilishi mumkin boʻlgan meʼyorlardan oshmaydigan, energiya samaradorligi yuqori infratuzilmalar bilan jihozlangan, chiqindilarni samarali boshqarish tizimi yoʻlga qoʻyilgan, yuqori rekreatsiya va ekoturizm salohiyatiga hamda boy biologik xilma-xillikka ega boʻlgan hududlar ekologik toza hududlar hisoblanadi.
Kurort tabiiy hududlardagi ekologik toza hududlar Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻlikni saqlash vazirligining birgalikdagi taqdimnomasiga binoan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining qarorlari bilan tashkil etiladi.
Rekreatsiya zonalaridagi ekologik toza hududlar Oʻzbekiston Respublikasi Turizm qoʻmitasi, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining birgalikdagi taqdimnomasiga binoan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining qarorlari bilan tashkil etiladi.
Kurort tabiiy hududlarda va rekreatsiya zonalarida ekologik toza hududlar tashkil etilishi ularning amaldagi huquqiy maqomini oʻzgartirmaydi.
