Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-1143-son)
04.05.2026
Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Qonunchilik palatasi tomonidan 2026-yil 27-yanvarda qabul qilingan Senat tomonidan 2026-yil 7-aprelda maʼqullangan
Keyingi yillarda mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilishga, ekologik xavfsizlikni nazorat qilishda qonunchilik talablariga rioya etilishini taʼminlashga qaratilgan qator chora-tadbirlar izchil ravishda amalga oshirilmoqda.
Bunda ekologik vaziyatni nazorat qilish, aholining salomatligini yaxshilash, tabiiy resurslarni tejash va ulardan oqilona foydalanish, ekologik barqarorlikni taʼminlash bilan bir qatorda davlat ekologiya nazorati tizimini takomillashtirish hamda ushbu sohadagi huquqbuzarliklarning oldini olish choralarini kuchaytirish zaruriyati yuzaga kelmoqda.
Mazkur Qonun bilan ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun moliyaviy sanksiyalar joriy etilishini hamda yoqish uchun moʻljallanmagan joylarda va (yoki) qurilmalarda, issiqxonalarda, ishlab chiqarish binolarida, yondirish uskunalarida yoki boshqa obyektlarda yoqilgʻini, yoqilgʻi sifatida foydalaniladigan moddalarni yoki moddalar aralashmasini, shinalarni, bitumni, mazutni yoqqanlik hamda shunga oʻxshash komponentlarni oʻz ichiga olgan chiqindilarni yoqilgʻi sifatida yoqqanlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilanishini nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.
Ushbu Qonun aholi uchun ekologik jihatdan yanada qulay va farovon yashash muhitini shakllantirishga, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklarning oldini olishga hamda javobgarlikning muqarrarligi prinsipiga rioya etilishini taʼminlashga xizmat qiladi.
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1992-yil 9-dekabrda qabul qilingan “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi 754-XII-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-yil, № 1, 38-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-yil, № 6, 118-modda; 1997-yil, № 4-5, 126-modda; 1999-yil, № 1, 20-modda; 2000-yil, № 5-6, 153-modda, № 7-8, 217-modda; 2002-yil, № 9, 165-modda; 2003-yil, № 9-10, 149-modda; 2004-yil, № 5, 90-modda; 2005-yil, № 1, 18-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-yil, № 10, 536-modda; 2011-yil, № 1, 1-modda, № 9, 247-modda; 2013-yil, № 4, 98-modda; 2014-yil, № 9, 244-modda; 2017-yil, № 6, 300-modda, № 9, 510-modda; 2018-yil, № 4, 224-modda; 2019-yil, № 9, 591-modda, № 11, 792-modda; 2021-yil, 4-songa ilova, № 10, 968-modda; 2023-yil, № 12, 1011-modda; 2024-yil, № 2, 104-modda, № 8, 831-modda; 2025-yil, № 12, 1329-modda) quyidagi qoʻshimchalar va oʻzgartirish kiritilsin:
