59-modda. Yoqilgʻini, moddalarni, materiallarni va chiqindilarni yoqishda atmosfera havosini muhofaza qilish talablariga rioya etmaslik
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-1143-son) · Sana: 04.05.2026 · Amalda
Yoqish uchun moʻljallanmagan joylarda va (yoki) qurilmalarda yoqilgʻini, yoqilgʻi sifatida foydalaniladigan moddalarni yoki moddalar aralashmasini, yoqilgʻi hisoblanmaydigan materiallarni va chiqindilarni ochiq alanga oldirib yoqqanlik, shuningdek issiqxonalarda, ishlab chiqarish binolarida, yondirish uskunalarida yoki boshqa obyektlarda yoqilgʻi sifatida shinalarni, bitumni, mazutni, plyonkani, sintetik kartonni, rezinani, jun tolasini yoqqanlik va shunga oʻxshash komponentlarni oʻz ichiga olgan chiqindilarni yoqqanlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan atrof-muhitni ifloslantirganlik uchun toʻlanishi lozim boʻlgan kompensatsiya toʻlovining besh baravari miqdorida jarima tarzidagi moliyaviy sanksiyalar qoʻllaniladi.
