18-modda. Oʻzbekiston Respublikasi hududida chet el valyutasida hisob-kitoblar va toʻlovlar
“Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (556-II-son) · Sana: 11.12.2003 · Kuchini yo'qotgan
Oʻzbekiston Respublikasi hududida barcha hisob-kitoblar va toʻlovlar milliy valyutada amalga oshiriladi, ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida hisob-kitoblar va toʻlovlarni chet el valyutasida amalga oshirishga quyidagi hollarda yoʻl qoʻyiladi:
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda kreditlarni olish va qaytarishda;
vakolatli banklardagi omonatlarga pul mablagʻlari qoʻyishda, omonatlar boʻyicha foizlar toʻlashda;
bankning chet el valyutasidagi operatsiyalar boʻyicha vositachilik haqini undirishda;
chet el valyutasida ifodalangan bank kafolatlarini berish va ular yuzasidan toʻlovlarni amalga oshirishda;
vakolatli banklar, ularning filiallari va ayirboshlash shoxobchalari orqali chet el valyutasini sotib olish va sotishda;
yuridik shaxslarning ustav fondiga (ustav kapitaliga) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda valyuta boyliklarini kiritishda;
xayriya maqsadlarida amalga oshiriladigan operatsiyalarda;
meros huquqi boʻyicha valyuta boyliklarini olishda;
bojsiz savdo doʻkonlaridagi hisob-kitoblar, shuningdek xalqaro yoʻnalishlarda tashishda transport vositalarining qatnov yoʻllarida yoʻlovchilarga tovarlar sotish va xizmatlar koʻrsatishdagi hisob-kitoblar bilan bogʻliq operatsiyalarda;
norezidentlar bilan tovarlarni boshqaga oʻtkazish, ishlar bajarish, xizmatlar koʻrsatish, axborotni, intellektual faoliyat natijalarini, shu jumladan ularga boʻlgan mutlaq huquqlarni boshqaga oʻtkazish toʻgʻrisida shartnomalar tuzish va ularni bajarish bilan bogʻliq xizmatlar komissionyerlar (agentlar) tomonidan koʻrsatilayotganda komissionyerlar (agentlar) va komitentlar (prinsipallar) oʻrtasida amalga oshiriladigan operatsiyalarda;
Oʻzbekiston Respublikasidan olib chiqilayotgan yoki Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirilayotgan yukning tranziti, uni tashish bilan bogʻliq xizmatlar ekspeditor, tashuvchi va fraxtchi tomonidan koʻrsatilayotganda transport ekspeditsiyasi, tashish hamda charter (fraxtlash) shartnomalari boʻyicha operatsiyalarda;
qimmatli qogʻozlarni qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda sotib olish va sotishda;
