16-modda. Rezidentlarning hisobvaraqlari
“Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (556-II-son) · Sana: 11.12.2003 · Kuchini yo'qotgan
Rezidentlar Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi vakolatli banklarda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan tartibda chet el valyutasida hisobvaraqlar ochishlari mumkin.
Rezident yuridik shaxslarning chet el valyutasidagi mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi vakolatli banklardagi valyuta hisobvaraqlarida saqlanadi va ular tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq mustaqil ravishda foydalaniladi.
Rezident yuridik shaxslar tomonidan olinadigan chet el valyutasi, shu jumladan tovarlar (ishlar, xizmatlar) eksportidan olingan valyuta tushumi, agar Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqacha qoida belgilagan boʻlmasa, ularning vakolatli banklardagi hisobvaraqlariga oʻtkazilishi shart.
Rezident yuridik shaxslar Oʻzbekiston Respublikasidan tashqaridagi banklarda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda berilgan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining ruxsatnomasi mavjud boʻlgan taqdirda milliy valyutada va chet el valyutasida hisobvaraqlar ochishga hamda ulardan foydalanishga haqlidir.
Oʻzbekiston Respublikasining rezident jismoniy shaxslari, diplomatiya va boshqa vakolatxonalari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi tashkilotlarining chet eldagi, xoʻjalik yoki boshqa tijorat faoliyati bilan shugʻullanmaydigan vakolatxonalari Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida hisobvaraqlar ochishiga hamda bu hisobvaraqlardan foydalanishiga ularning faqat xorijda boʻlishi va faoliyat koʻrsatishi davrida yoʻl qoʻyiladi. Ularning chet elda boʻlishi yoki faoliyat koʻrsatishi tugagach, hisobvaraqlar yopilishi lozim, hisobvaraqlardagi mablagʻlarning qoldiqlari esa Oʻzbekiston Respublikasiga oʻtkaziladi.
