66-modda. Jamiyatni tugatish
Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar toʻgʻrisida (O‘RQ-1137-son) · Sana: 21.04.2026 · Amalda
Jamiyat ushbu Qonun va jamiyat ustavi talablari hisobga olingan holda, belgilangan tartibda ixtiyoriy ravishda tugatilishi mumkin. Jamiyat qonunchilikda nazarda tutilgan asoslarga koʻra sudning qaroriga binoan ham tugatilishi mumkin.
Jamiyatni tugatish uning huquqlari va majburiyatlari huquqiy vorislik tartibida boshqa shaxslarga oʻtmagan holda faoliyatining tugatilishiga sabab boʻladi.
Jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining jamiyatni ixtiyoriy ravishda tugatish hamda tugatuvchini tayinlash toʻgʻrisidagi qarori jamiyat kuzatuv kengashining, ijro etuvchi organining yoki ishtirokchisining taklifiga binoan qabul qilinadi.
Ixtiyoriy ravishda tugatilayotgan jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishi jamiyatni tugatish va yuridik shaxslarni tugatuvchini tayinlash toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Tugatuvchi tayinlangan paytdan eʼtiboran jamiyat ishlarini boshqarish boʻyicha barcha vakolatlar tugatuvchiga oʻtadi. Tugatuvchi tugatilayotgan jamiyat nomidan sudda ishtirok etadi.
Davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organning qaroriga koʻra jamiyat ushbu jamiyat moliya-xoʻjalik faoliyati amalga oshirilmaganligi sababli belgilangan tartibda harakatsiz rejimga oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran bir yil ichida uning faoliyati tiklanmagan taqdirda tugatiladi. Bunda tugatuvchi tayinlanmaydi, bundan ushbu moddaning yettinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi mavjud boʻlgan jamiyatni tugatishda tugatish komissiyasi tayinlanadi va uning tarkibiga davlat mulkini boshqaruvchi organning vakili kiritiladi.
Jamiyatni tugatish tartibi qonunchilik bilan belgilanadi.
