65-modda. Jamiyatni oʻzgartirish
Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar toʻgʻrisida (O‘RQ-1137-son) · Sana: 21.04.2026 · Amalda
Jamiyat qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa tashkiliy-huquqiy shakldagi tijorat tashkiloti etib oʻzgartirilishi mumkin.
Oʻzgartirish shaklida qayta tashkil etilayotgan jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishi bunday qayta tashkil etish, oʻzgartirish tartibi va shartlari, jamiyat ishtirokchilarining ulushlarini oʻzgartirish natijasida tashkil etilayotgan yuridik shaxsning aksiyalariga (ulushlariga, paylariga) ayirboshlash tartibi va ushbu yuridik shaxsning taʼsis hujjatlarini tasdiqlash, shuningdek topshirish dalolatnomasini tasdiqlash toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Oʻzgartirish natijasida tashkil etilayotgan yuridik shaxsning ishtirokchilari ushbu yuridik shaxslar toʻgʻrisidagi qonun talablariga muvofiq uning organlarini saylash haqida qaror qabul qiladi va tegishli organga oʻzgartirish natijasida tashkil etilayotgan yuridik shaxsni davlat roʻyxatidan oʻtkazish bilan bogʻliq harakatlarni amalga oshirishni topshiradi.
Qayta tashkil etilgan jamiyatning barcha huquqlari va majburiyatlari, bu topshirish dalolatnomalarida koʻrsatilganligidan yoki koʻrsatilmaganligidan qatʼi nazar, jamiyatni oʻzgartirish natijasida tashkil etilgan yuridik shaxsga oʻtadi.
