5-modda. Jamiyatning firma nomi va joylashgan manzili
Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar toʻgʻrisida (O‘RQ-1137-son) · Sana: 21.04.2026 · Amalda
Jamiyat davlat tilidagi va bir vaqtda jamiyatning ixtiyoriga koʻra boshqa tillardagi toʻliq firma nomiga ega boʻlishi mumkin va qisqartirilgan firma nomiga ega boʻlishga haqlidir.
Jamiyatning toʻliq firma nomi “masʼuliyati cheklangan jamiyat” degan soʻzlarni oʻz ichiga olishi kerak. Jamiyatning qisqartirilgan firma nomi uning toʻliq yoki qisqartirilgan nomini hamda “masʼuliyati cheklangan jamiyat” degan soʻzlarni yoki “MChJ” qisqartmasini oʻz ichiga olishi kerak.
Jamiyatning firma nomi uning tashkiliy-huquqiy shaklini aks ettiruvchi, shu jumladan chet tillardan oʻzlashtirilgan boshqa atamalar va qisqartmalarni, agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, oʻz ichiga olishi mumkin emas.
Chet elliklar ishtirokida tashkil etilayotgan jamiyatning firma nomiga uning muassislari qaysi davlatga mansubligini koʻrsatuvchi qayd kiritilishi mumkin.
Jamiyatning joylashgan yeri, agar qonunga muvofiq jamiyatning taʼsis hujjatlarida boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, u davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan joyga koʻra belgilanadi. Jamiyatning taʼsis hujjatlarida uning boshqaruv organlari doimiy joylashgan yer yoki uning asosiy faoliyati yuritiladigan joy jamiyatning joylashgan yeri deb belgilanishi mumkin.
Jamiyat oʻzi bilan aloqa amalga oshiriladigan pochta manziliga ega boʻlishi kerak va yuridik shaxslarni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organni oʻzining pochta manzili oʻzgarganligi toʻgʻrisida xabardor qilishi shart.
