40-modda. Jamiyat kuzatuv kengashining vakolatlari
Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar toʻgʻrisida (O‘RQ-1137-son) · Sana: 21.04.2026 · Amalda
Jamiyat kuzatuv kengashining vakolatlari ushbu Qonunga muvofiq jamiyatning ustavi bilan belgilanadi.
Jamiyatning ustavida jamiyatning ijro etuvchi organlarini tuzish, ularning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish, ichki audit xizmatini tashkil etish va uning xodimlarini tayinlash, ushbu Qonunning 50-moddasida nazarda tutilgan hollarda yirik bitimlar tuzish toʻgʻrisidagi masalalarni hal qilish, jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishiga tayyorgarlik koʻrish, uni chaqirish va oʻtkazish bilan bogʻliq masalalarni hal qilish, shuningdek ushbu Qonunda nazarda tutilgan boshqa masalalarni hal etish jamiyat kuzatuv kengashining vakolatlari jumlasiga kiritilishi nazarda tutilishi mumkin. Agar jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishiga tayyorgarlik koʻrish, uni chaqirish va oʻtkazish bilan bogʻliq masalalarni hal qilish jamiyatning ustavi bilan jamiyat kuzatuv kengashining vakolatlari jumlasiga kiritilgan boʻlsa, jamiyatning ijro etuvchi organi jamiyat ishtirokchilarining navbatdan tashqari umumiy yigʻilishi oʻtkazilishini talab qilish huquqiga ega boʻladi.
Jamiyatning kuzatuv kengashini tuzish va uning faoliyati tartibi, shuningdek jamiyat kuzatuv kengashi aʼzolarining vakolatlarini va jamiyat kuzatuv kengashi raisining vakolatini tugatish tartibi jamiyatning ustavi bilan belgilanadi.
Jamiyatning yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi hamda kollegial ijro etuvchi organining, uning shuʼba va qaram xoʻjalik jamiyatlari boshqaruv organlarining aʼzolari hamda ayni shu shuʼba, qaram xoʻjalik jamiyatlarida mehnat shartnomasi (kontrakt) boʻyicha ishlayotgan shaxslar jamiyat kuzatuv kengashining aʼzosi boʻlishi mumkin emas.
Jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining qaroriga binoan jamiyat kuzatuv kengashining aʼzolariga haq toʻlanishi va (yoki) ularning oʻz majburiyatlarini bajarishi bilan bogʻliq xarajatlarining oʻrni qoplanishi mumkin. Haqlar va tovonlarning miqdorlari jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining qarori bilan belgilanadi.
Jamiyat kuzatuv kengashining aʼzolari, jamiyatning yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi organi vazifasini amalga oshiruvchi shaxs va jamiyatning kollegial ijro etuvchi organining jamiyat ishtirokchilari boʻlmagan aʼzolari jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishida maslahat ovozi huquqi bilan ishtirok etishi mumkin.
Jamiyat kuzatuv kengashi aʼzosining ovoz berish huquqini oʻzga shaxslarga, shu jumladan kuzatuv kengashining boshqa aʼzolariga oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi.
