35-modda. Jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishini oʻtkazish tartibi
Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar toʻgʻrisida (O‘RQ-1137-son) · Sana: 21.04.2026 · Amalda
Jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishi ushbu Qonunda, jamiyatning ustavida va uning hujjatlarida belgilangan tartibda oʻtkaziladi. Jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishini oʻtkazish tartibi ushbu Qonun, jamiyatning ustavi va hujjatlari bilan tartibga solinmagan qismida jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining qarori bilan belgilanadi.
Jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishi ochilishidan oldin jamiyat ishtirokchilari roʻyxatdan oʻtkaziladi.
Jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishda shaxsan yoki oʻz vakillari orqali ishtirok etishga haqli. Jamiyat ishtirokchilarining vakillari oʻz vakolatlarini tasdiqlovchi hujjatni (ishonchnomani) koʻrsatishi kerak. Jismoniy shaxs nomidan berilgan ovoz berishga doir ishonchnoma notarial tartibda tasdiqlangan boʻlishi kerak. Yuridik shaxs nomidan ovoz berishga doir ishonchnoma uning rahbarining imzosi bilan beriladi va ushbu yuridik shaxsning muhri bilan (muhr mavjud boʻlgan taqdirda) tasdiqlanadi.
Jamiyatning ishtirokchilari yoki ularning vakillari kun tartibidagi masalalarni muhokama qilishda ishtirok etish va qarorlarni qabul qilishda ovoz berish huquqiga ega. Jamiyatning jamiyat ishtirokchilarining koʻrsatib oʻtilgan huquqlarini cheklovchi taʼsis hujjatlarining qoidalari yoki jamiyat organlarining shunday qarorlari haqiqiy emas.
Jamiyatning har bir ishtirokchisi jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishida jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) oʻz ulushiga mutanosib ovozlar soniga ega boʻladi, bundan ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno.
Jamiyatni taʼsis etish paytida jamiyatning ustaviga binoan yoki jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining jamiyatning barcha ishtirokchilari tomonidan bir ovozdan qabul qilingan qaroriga binoan jamiyatning ustaviga oʻzgartirishlar kiritish yoʻli bilan jamiyat ishtirokchilari ovozlarining sonini aniqlashning boshqacha tartibi belgilanishi mumkin. Jamiyat ustavining bunday tartibni belgilaydigan qoidalarini oʻzgartirish va chiqarib tashlash jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining jamiyatning barcha ishtirokchilari tomonidan bir ovozdan qabul qilingan qarori asosida amalga oshiriladi.
Jamiyatning roʻyxatdan oʻtmagan ishtirokchisi (jamiyat ishtirokchisining vakili) ovoz berishda ishtirok etishga haqli emas.
Jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishi jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishini oʻtkazish toʻgʻrisidagi xabarnomada koʻrsatilgan vaqtda yoki, agar jamiyatning barcha ishtirokchilari roʻyxatdan oʻtib boʻlgan boʻlsa, oldinroq ochiladi.
