34-modda. Jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishini chaqirish tartibi
Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar toʻgʻrisida (O‘RQ-1137-son) · Sana: 21.04.2026 · Amalda
Jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishini chaqiruvchi organ yoki shaxslar uni oʻtkazishdan kamida oʻttiz kun oldin bu haqda jamiyatning har bir ishtirokchisini jamiyat ishtirokchilarining roʻyxatida koʻrsatilgan manzil boʻyicha topshirilganligi maʼlum qilinadigan tilxat asosida yoki xabarnoma olinganligini tasdiqlaydigan aloqa vositalaridan foydalangan holda yoxud jamiyatning ustavida nazarda tutilgan boshqa usulda xabardor qilishi shart.
Xabarnomada jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishi oʻtkaziladigan vaqt va joy, shuningdek taklif qilinayotgan kun tartibi koʻrsatilishi kerak.
Jamiyatning ishtirokchisi jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining kun tartibiga qoʻshimcha masalalarni kiritish toʻgʻrisida uni oʻtkazishdan kamida oʻn besh kun oldin takliflar kiritishga haqli. Qoʻshimcha masalalar, jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining vakolatlari jumlasiga kirmaydigan masalalarni istisno etganda, jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining kun tartibiga kiritiladi.
Jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishini chaqiruvchi organ yoki shaxslar jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining kun tartibiga kiritish uchun taklif qilingan qoʻshimcha masalalar taʼrifiga oʻzgartirish kiritishga haqli emas.
Agar jamiyat ishtirokchilarining taklifiga binoan jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining dastlabki kun tartibiga oʻzgartirishlar kiritiladigan boʻlsa, jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishini chaqiruvchi organ yoki shaxslar kun tartibiga kiritilgan oʻzgartirishlar haqida jamiyatning barcha ishtirokchilarini umumiy yigʻilish oʻtkaziladigan kundan kamida oʻn kun oldin, ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan usulda xabardor qilishi shart.
Jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishiga tayyorgarlik koʻrish chogʻida jamiyat ishtirokchilariga taqdim etilishi lozim boʻlgan axborot va materiallar jumlasiga quyidagilar kiradi:
jamiyatning yillik hisoboti;
jamiyatning moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshirish yakunlariga koʻra jamiyat taftish komissiyasining (taftishchisining) xulosasi;
moliyaviy hisobotlarning toʻgʻriligi va buxgalteriya hisobini yuritish tartibi belgilangan talablarga muvofiqligi toʻgʻrisidagi auditorlik xulosasi;
jamiyatning ijro etuvchi organlariga, jamiyatning kuzatuv kengashiga va jamiyatning taftish komissiyasiga (taftishchiligiga) nomzod (nomzodlar) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
