19-modda. Jamiyatning ustav fondini (ustav kapitalini) uning ishtirokchilarining qoʻshimcha hissalari va jamiyatga qabul qilinadigan uchinchi shaxslarning hissalari hisobidan koʻpaytirish
Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar toʻgʻrisida (O‘RQ-1137-son) · Sana: 21.04.2026 · Amalda
Jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining jamiyatning ustav fondini (ustav kapitalini) jamiyat barcha ishtirokchilari tomonidan qoʻshimcha hissalar qoʻshish hisobidan koʻpaytirish toʻgʻrisidagi qarorida qoʻshimcha hissalarning muayyan umumiy qiymati, jamiyat har bir ishtirokchisining qoʻshimcha hissasi qiymatining miqdori, ishtirokchilar tomonidan qoʻshimcha hissalarni toʻliq qoʻshish muddati belgilanishi kerak.
Jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishi jamiyatning ustav fondini (ustav kapitalini) koʻpaytirish haqida jamiyat ishtirokchisining qoʻshimcha hissa qoʻshish toʻgʻrisidagi arizasiga (jamiyat ishtirokchilarining arizalariga) va (yoki), agar bu jamiyatning taʼsis hujjatlarida taqiqlanmagan boʻlsa, uchinchi shaxsning (uchinchi shaxslarning) uni (ularni) jamiyatga qabul qilish va hissa qoʻshish haqidagi arizasiga (arizalariga) asosan bir ovozdan qaror qabul qilishi mumkin.
Jamiyat ishtirokchisining yoki uchinchi shaxsning arizasida hissani qoʻshish tartibi, uning miqdori, usullari va muddati, shuningdek jamiyat ishtirokchisi yoki uchinchi shaxs jamiyatning ustav fondida (ustav kapitalida) ega boʻlishni xohlagan ulush miqdori koʻrsatilgan boʻlishi kerak. Arizada hissalarni qoʻshish va jamiyatga aʼzo boʻlib kirishning boshqa shartlari ham koʻrsatilishi mumkin.
Jamiyatning ustav fondini (ustav kapitalini) koʻpaytirish toʻgʻrisidagi qaror bilan bir vaqtda uning taʼsis hujjatlariga jamiyat barcha yoki ayrim ishtirokchilarining (ayrim ishtirokchisining) qoʻshimcha hissalarini qoʻshish hisobidan va (yoki) jamiyatga uchinchi shaxsning (uchinchi shaxslarning) qabul qilinishi, jamiyat ishtirokchilari ulushlarining nominal qiymati tegishlicha koʻpaytirilishi va (yoki) uchinchi shaxs (uchinchi shaxslar) ulushining nominal qiymati va miqdori aniqlanishi munosabati bilan oʻzgartirishlar, shuningdek jamiyat ishtirokchilari ulushining miqdorlari oʻzgarishi bilan bogʻliq oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida qaror qabul qilinishi kerak. Bunda jamiyat ishtirokchisi ulushining nominal qiymati uning qoʻshimcha hissasi qiymatidan koʻproq summaga koʻpaytirilishi mumkin emas, jamiyatga qabul qilinadigan har bir uchinchi shaxs tomonidan olinadigan ulushning nominal qiymati uning hissasi qiymatidan ortiq boʻlishi mumkin emas.
Jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishi qoʻshimcha hissalarni qoʻshish muddati tugagan kundan eʼtiboran bir oydan kechiktirmay jamiyat ishtirokchilarining qoʻshimcha hissalarini va (yoki) uchinchi shaxslarning hissalarini qoʻshish yakunlarini tasdiqlash haqida, shuningdek jamiyatning ustav fondi (ustav kapitali) miqdorini koʻpaytirish, qoʻshimcha hissalar qoʻshgan jamiyat ishtirokchilari ulushlarining nominal qiymatini koʻpaytirish va (yoki) uchinchi shaxs (uchinchi shaxslar) ulushining nominal qiymati va miqdorlarini aniqlash, zarur hollarda jamiyat ishtirokchilari ulushlarining miqdorlari oʻzgarishi bilan bogʻliq oʻzgartirishlarni jamiyatning taʼsis hujjatlariga kiritish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi kerak.
