2691-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamentiga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida (1895-V-son) · Sana: 31.03.2026 · Amalda
Kengash Kengash aʼzolarining taklifiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga chet el fuqarolarini va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni Oʻzbekiston Respublikasida boʻlishi nomaqbul deb topilgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar roʻyxatiga (bundan buyon matnda Roʻyxat deb yuritiladi) kiritish toʻgʻrisida taqdimnoma kiritish masalasini koʻrib chiqadi.
Kengash aʼzolarining taklifi Qonunchilik palatasi Spikeri tomonidan masʼul qoʻmitaga oʻrganib chiqish va xulosa taqdim etish uchun topshiriladi.
Masʼul qoʻmita Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga chet el fuqarolarini va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni Roʻyxatga kiritish toʻgʻrisida taqdimnoma kiritish maqsadga muvofiqligi haqida yoki maqsadga muvofiq emasligi toʻgʻrisida besh ish kuni ichida xulosa tayyorlaydi va uni Kengashga taqdim etadi. Bunda shu mazmundagi murojaat Senat Kengashiga kelib tushganligiga yoki tushmaganligiga aniqlik kiritiladi.
Masʼul qoʻmitaning Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga chet el fuqarolarini va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni Roʻyxatga kiritish toʻgʻrisida taqdimnoma kiritish maqsadga muvofiqligi haqidagi xulosasiga tegishli taqdimnoma loyihasi ilova qilinadi.
Kengash “Oʻzbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning huquqiy holati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 291-moddasining birinchi qismida koʻrsatilgan asoslar mavjud boʻlgan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga chet el fuqarolarini va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni Roʻyxatga kiritish toʻgʻrisida taqdimnoma kiritish yuzasidan qaror qabul qiladi.
Kengash Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga chet el fuqarolarini va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni Roʻyxatga kiritish toʻgʻrisida taqdimnoma kiritish haqida qaror qabul qilgan taqdirda, taqdimnoma Qonunchilik palatasi Spikeri tomonidan imzolangan holda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga yuboriladi.
Taqdimnomada quyidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi:
Roʻyxatga kiritilayotgan chet el fuqarosining yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi;
chet el fuqarosining qaysi davlat fuqaroligiga mansubligi (shaxs bir nechta davlat fuqarosi ekanligi aniqlansa, barchasi koʻrsatiladi);
