“271-modda. Shaxsga doir maʼlumotlarni saqlash va ularga ishlov berishning alohida shartlari
“Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish haqida (O‘RQ-1125-son) · Sana: 26.03.2026 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining shaxsga doir maʼlumotlari ushbu Qonunning asosiy prinsiplari taʼminlangan holda saqlanishi lozim.
Quyidagi shaxsga doir maʼlumotlar Oʻzbekiston Respublikasi hududida saqlanishi shart:
jismoniy shaxslarning biometrik maʼlumotlari;
jismoniy shaxslarning genetik maʼlumotlari;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida oʻz faoliyatini amalga oshirayotgan telekommunikatsiyalar operatorlaridagi ularning xizmatlaridan foydalanuvchi jismoniy shaxslarning maʼlumotlari.
Ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilmagan shaxsga doir maʼlumotlar kuyidagi shartlardan biri bajarilgan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida saqlanishi va ularga ishlov berilishi mumkin:
chet davlatni shaxsga doir maʼlumotlarning bir xil himoya qilinishini taʼminlovchi davlat sifatida tan olish;
operator tomonidan vakolatli davlat organi tasdiqlaydigan talablarga javob beruvchi standart shartnomaviy shartlar yoki majburiy korporativ qoidalar qabul qilinishi va ularga rioya etilishi;
roʻyxati vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanadigan shaxsga doir maʼlumotlarni boshqarish va saqlash sohasidagi xalqaro standartlarga operator tomonidan rioya etilishi.
Shaxsga doir maʼlumotlar bir xil himoya qilinishini taʼminlovchi chet davlatlar roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi”.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin; respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
4-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 26-mart,
OʻRQ-1125-son
