22-modda. Huquqiy eksperimentni oʻtkazish dasturi
Huquqiy eksperiment toʻgʻrisida (O‘RQ-1127-son) · Sana: 27.03.2026 · Amalda
Huquqiy eksperimentni oʻtkazish dasturida quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
huquqiy eksperimentni oʻtkazishning maqsadi va vazifalari;
huquqiy eksperimentning muddati, hududi va (yoki) shaxslar doirasi va ularni tanlash asoslari. Bunda huquqiy eksperiment oʻtkaziladigan hududni tanlashda oʻtkaziladigan huquqiy eksperimentning samaradorligini tahlil qilish hamda natijada yuzaga kelgan yoki kelishi mumkin boʻlgan ehtimoliy oqibatlarni oʻrganish va baholash imkoniyati yuqori ekanligi inobatga olinadi;
huquqiy eksperimentni oʻtkazishning asosiy bosqichlari va uning muddatlari;
huquqiy eksperimentni oʻtkazish uchun zarur chora-tadbirlar, zarur boʻlgan hollarda huquqiy eksperimentni tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha vaqtinchalik nizomni ishlab chiqish muhimligi;
huquqiy eksperimentni oʻtkazish uchun zarur boʻlgan resurslar, shu jumladan moliyalashtirish manbalari va ularning miqdori;
huquqiy eksperiment ishtirokchilari va ular bajarishi kerak boʻlgan talablar;
masʼul organlar va ularning vazifalari, shu jumladan moddiy-texnikaviy, moliyaviy hamda boshqa resurslar bilan taʼminlash boʻyicha vazifalari;
shaxsning mol-mulkiga, davlat mudofaasiga va (yoki) xavfsizligiga, qonun bilan himoya qilinadigan boshqa qadriyatlarga zarar yetkazilishi xavfini baholash hamda bunday xavflarni kamaytirish choralari;
huquqiy eksperiment vaqtida berilgan vakolatlar, huquqlar va imkoniyatlardan foydalanish tartibi;
huquqiy eksperimentning nazorat qilinishi, shu jumladan nazorat funksiyalarini amalga oshiruvchi organlar, shuningdek nazorat funksiyalarini amalga oshirish, huquqiy eksperimentni oʻtkazish dasturining qoidalariga rioya etilishini tekshirishni tashkil etish va oʻtkazish tartibi;
huquqiy eksperimentning samaradorligi va natijadorligini baholashga qoʻyiladigan talablar yoki mezonlar, shu jumladan baholashdan oʻtkaziladigan koʻrsatkichlar;
eksperimental-huquqiy normalar hamda amaldagi qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solish oʻrtasidagi farqlar toʻgʻrisida huquqiy eksperiment ishtirokchilarini xabardor qilish usullari;
huquqiy eksperiment jarayoni va uning natijalari, shu jumladan eksperimental-huquqiy normalar hamda amaldagi qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solish oʻrtasidagi farqlar toʻgʻrisida ommaviy axborot vositalari, Internet jahon axborot tarmogʻi, shu jumladan rasmiy manbalar va ijtimoiy tarmoqlar orqali xabardor qilish usullari.
