22-modda. Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish
Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida (71-II-son) · Sana: 25.05.2000 · Amalda
Litsenziyaning amal qilishi quyidagi hollarda toʻxtatib turilishi mumkin:
litsenziat litsenziya shartnomasida nazarda tutilgan litsenziya talablari va shartlarini buzganligi aniqlanganda;
litsenziyalovchi organning aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish majburiyatini litsenziat zimmasiga yuklovchi qarori litsenziat tomonidan bajarilmaganda.
Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish litsenziyalovchi organ yoki sud tomonidan amalga oshiriladi. Litsenziyaning amal qilishi litsenziyalovchi organ tomonidan oʻn ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatga, sud tomonidan esa oʻn ish kunidan koʻp boʻlgan muddatga toʻxtatib turilishi mumkin.
Litsenziyalovchi organning litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi qarori litsenziatga yozma shaklda, qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch kundan kechiktirmay yetkaziladi. Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi sud qarori litsenziatga va litsenziyalovchi organga qonunchilikda belgilangan muddatlarda yetkaziladi.
Litsenziyalovchi organ yoki sud litsenziat litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turishga olib kelgan holatlarni bartaraf etishi uchun muddat belgilashi shart. Bunda litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turishga olib kelgan holatlarni bartaraf etishi uchun sud qarorida belgilangan muddat olti oydan koʻp boʻlishi mumkin emas.
Litsenziat litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turishga olib kelgan holatlarni bartaraf etgan taqdirda, litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan litsenziyalovchi organ yoki sud koʻrsatilgan holatlar bartaraf etilganligi toʻgʻrisidagi tasdiqnomani olgan kundan eʼtiboran litsenziyaning amal qilishini tiklash toʻgʻrisida uch kun muddat ichida qaror qabul qilishi shart.
Litsenziyalovchi organning litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi qarori ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin. Sud litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turishni asossiz deb topgan taqdirda, litsenziyalovchi organ litsenziat oldida unga yetkazilgan zarar miqdorida javobgar boʻladi.
Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish va tiklash toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ommaviy axborot vositalarida, shuningdek litsenziyalovchi organning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinishi kerak.
