21-modda. Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan nazorat qilish
Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida (71-II-son) · Sana: 25.05.2000 · Amalda
Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan nazorat amalga oshirilayotganda litsenziyalovchi organlar oʻz vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga egadirlar:
litsenziatlar litsenziya talablari va shartlariga rioya etayotganligi ustidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirishlarni muvofiqlashtirish boʻyicha vakolatli organ bilan kelishilgan holda qonunchilikda belgilangan tartibda tekshiruvlar oʻtkazish;
litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan tekshiruvlar oʻtkazilayotganda yuzaga keladigan masalalar boʻyicha litsenziatdan zarur maʼlumotlarni talab qilish va olish;
tekshiruv natijalari asosida litsenziat yoʻl qoʻygan litsenziya talablari va shartlarining aniq qoidabuzilishlarini koʻrsatgan holda dalolatnomalar (maʼlumotnomalar) tuzish;
litsenziat zimmasiga aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish majburiyatini yuklovchi qarorlar chiqarish, bunday qoidabuzarliklarni bartaraf etish muddatlarini belgilash;
litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish yoki tugatish.
Litsenziyalovchi organlar qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishlari mumkin.
Nazorat qiluvchi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlari buzilishlariga yoʻl qoʻyilganligini aniqlaganlari taqdirda oʻz vakolatlari doirasida litsenziyani bergan litsenziyalovchi organga aniqlangan qoidabuzarliklar haqida xabar qiladilar.
