9-modda. 2026-yilda Oʻzbekiston Respublikasining budjet tizimi barqarorligini taʼminlash
2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida (O‘RQ-1105-son) · Sana: 25.12.2025 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi budjet tizimi budjetlarining olti oylik ijrosi yakunlari boʻyicha daromadlari prognozi bajarilmagan va joriy moliya yilining oxiriga qadar ularning kelib tushishi uchun yetarli asoslar mavjud boʻlmagan hollarda:
respublika budjeti umumiy xarajatlarining 3 foizidan ortiq miqdordagi xarajatlar Vazirlar Mahkamasining taklifiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan;
respublika budjeti umumiy xarajatlarining 3 va undan kam foizi miqdordagi xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining taklifiga koʻra Vazirlar Mahkamasining qarori asosida qisqartiriladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining va Toshkent shahri shahar budjetining, tumanlar va shaharlar budjetlarining xarajatlarini qisqartirish boʻyicha qarorlar tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar hamda Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar Kengashlari tomonidan qabul qilinadi.
Budjetlar xarajatlarini qisqartirishda budjet tashkilotlarining va budjet mablagʻlarini oluvchilarning budjet mablagʻlarini oʻzlashtirishi, shuningdek qabul qilingan yuridik va moliyaviy majburiyatlari hisobga olinadi. Bunda ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar Oʻzbekiston Respublikasi Budjet kodeksining 120-moddasiga muvofiq kamaytiriladi.
